19:58 / 02.02.2021
4125
Shavkat Mirziyoyev Pokiston delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbari ikki mamlakatning amaliy hamkorligini izchil kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va almashinuvlar, pandemiyaga qaramasdan, davom ettirilayotganini ta'kidladi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib, yetakchi kompaniyalarning qo‘shma kooperatsiya loyihalari soni ko‘payib bormoqda.

«Abdul Razzoq Dovud O‘zbekiston prezidentiga uchrashuv tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Pokiston bosh vaziri Imron Xonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Maslahatchi Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini ta'minlaydigan temir yo‘l qurish loyihasini ilgari surish to‘g‘risidagi tashabbus  Pokistonda yuksak baholanib, qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Avtomobil va havo transportida yuk tashishlarni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash, bojxona ishi sohasida tajriba almashish, ishbilarmonlar o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish va ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuv va muloqotlar rejasi kelishib olingan.

Top