23:07 / 02.02.2021
14759
Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, ochiq muloqot chog‘ida partiyalarning jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini oshirish masalalari, bugungi kunda ular oldida turgan asosiy vazifalar haqida atroflicha fikr almashilgan.

«Davlat va jamiyat hayotiga doir keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalarning o‘rni kattaligi ta'kidlandi.

Mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni qamrab olgan ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu boradagi ishlarning ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarga ulkan mas'uliyat yuklaydi», – deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ijtimoiy sohalar, ayniqsa, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Siyosiy partiyalar o‘z deputatlari orqali joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganishi, ularning yechimi bo‘yicha takliflar berishi, ayniqsa, ta'sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib borishi muhimligi qayd etildi.

Partiyalar o‘z elektorati, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylar bilan ishlash, ularning hayotiy muhim manfaatlarini ta'minlashga ko‘maklashishi zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi.

Har bir partiya o‘z dasturiy maqsadlarini parlamentga faol olib chiqishi, o‘z fraksiyalari orqali qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi va qonunlar ijrosini ta'minlashni nazoratiga olishi zarurligi haqida fikr almashildi.

Muloqot jarayonida siyosiy partiyalar faoliyati bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, chuqur tahlil qilinib, ularning ishini takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar, amaliy takliflar bildirildi.

Uchrashuvda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hamda Ekologik partiya, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbarlari ishtirok etdi.

Top