22:35 / 02.02.2021
6559

Somalida prezident tashrif buyurgan qarorgoh o‘qqa tutildi

2 fevralga o‘tar kechasi Somali prezidenti Muhammad Abdullohi Muhammad Dusamarib shahridagi hukumat qarorgohida bo‘lgan vaqtda u yer minomyotdan o‘qqa tutildi. 

Somali Guardian portalining xabar berishicha, minomyotdan otilgan 9ta snaryadning portlashi oqibatida 4 kishi yaralangan. Hukumat hujumni “Ash-Shabob” terrorchi guruhi amalga oshirganini aniqlagan.  

Somali prezidenti 1 fevralda Dusamaribga mamlakatda o‘tishi kerak bo‘lgan prezident va umumiy saylovlar bo‘yicha 5 nafar hududiy yetakchi bilan muzokaralar o‘tkazgani kelgan. Muhammadning prezident vakolatlari muddati 8 fevralda tugasa-da, prezident saylovlari o‘tkazilishi sanasi yetakchi siyosiy kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar sababli hali belgilanmagan. Bu orada amaldagi prezident navbatdagi muddatga nomzodini qo‘yishini bildirgan. Saylovlar bo‘yicha asosiy yig‘ilishni 2 fevralda o‘tkazish rejalashtirilgandi.  

Voqeadan keyin poytaxt Mogadishodan 400 km uzoqlikda joylashgan Dusamaribdagi hukumat qarorgohi qo‘riqlanishi kuchaytirilgan. Harbiylar shaharni patrullashmoqda. 

Somalining Goobjook News portali xabar berishicha, maxsus kuchlar qarorgohning o‘qqa tutilishiga aloqador 3 jangarini bartaraf etgan. Ular orasida Dusamarib yaqinida harakat qiluvchi jangarilar otryadining qo‘mondoni bor bo‘lgan. Yana bir terrorchi asirga olingan. 

Shuningdek, 2 fevral ertalab Dusamarib aeroportida kuchli portlash sodir bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Somalining quruqlikdagi qo‘shinlari shtabi boshlig‘i o‘rinbosariga suiqasd sodir etilgan.   

Mavzuga oid
Top