20:25 / 02.02.2021
27691
So‘ronboy Jeenbekov Qirg‘izistonni tark etdi. Uning umra safariga ketgani aytilmoqda 

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti  So‘ronboy Jeenbekov respublikani tark etdi. Jeenbekovning matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyevaning ma'lum qilishicha, sobiq prezident umra safarini ado etgani yo‘l olgan.  

Foto: Turar Kazangapov

Stamaliyevaning ta'kidlashicha, Jeenbekov 1 fevralda rafiqasi bilan “Manas” aeroportidan Istanbulga uchib ketgan va u yerdan Jiddaga yo‘l oladi.  

Ma'lumotlarga ko‘ra, Jeenbekov umra amalini Saudiya Arabistoni podshohi taklifiga ko‘ra amalga oshirmoqda. “U 2020 yil noyabrdan beri umra safariga borishni rejalashtirgandi. Biroq pandemiya sababli ziyoratchilarga podshohlikka kirish cheklangani sababli, umrani amalga oshirish uchun rasmiy taklif olish kerak bo‘lgan. Bunday taklif 2021 yil fevral oyi boshiga olindi”, deb qo‘shimcha qilgan Stamaliyeva.

Uning ta'kidlashicha, umra safari 10 kundan ko‘proq davom etadi va Jeenbekov shundan keyin Bishkekka qaytadi.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida ta'kidlanishicha, sobiq davlat rahbari Qirg‘izistonni hech qanday to‘siqlarsiz tark etishi mumkin, chunki uning harakatlanishiga cheklov yo‘q.

Avvalroq Jeenbekov sobiq bosh vazir o‘rinbosari Duyshenbek Zilaliyev ishi bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun Bishkekdagi tuman sudiga 3 fevralga chaqirtirilgani ma'lum qilingandi.      

O‘z navbatida, Qirg‘iziston bosh prokuraturasida ma'lum qilinishicha, 2020 yil oktyabrda Qirg‘izistonda yuz bergan norozilik namoyishlarida jabrlanganlar Jeenbekov ustidan sudga arz qilishgan. Ular Jeenbekovni sobiq prezident maqomidan mahrum qilishni va namoyishchilarning kuch bilan tarqatilishi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishini talab qilishmoqda.

Top