10:43 / 03.02.2021
5998

Koreya O‘zbekistonni epidemiologik xavfli hududlar ro‘yxatidan chiqardi. Migratsiya agentligi Koreyaga ishga ketmoqchi bo‘lganlarga murojaat qildi

O‘zbekiston Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani inobatga olinib, Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekiston qizil hududdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xabar berishicha, shu munosabat bilan, shartnomasi mavjud hamda viza tasdiqnomalarining amal qilish muddati tugamagan fuqarolarni pandemiya davrida Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natish tartibini kelishib olish bo‘yicha agentlik tomonidan mazkur davlatning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Hozircha fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natishning aniq sanasi noma'lum bo‘lsa-da, agentlik shartnomasi kelgan va viza tasdiqnomalari mavjud fuqarolarning agentlikka taqdim qilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlab qo‘yishlarini tavsiya qilmoqda.

Agentlik Janubiy Koreyaga fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish bo‘yicha yangilik bo‘lgan taqdirda, rasmiy axborot kanallari orqali e'lon qilinishi ma'lum qilindi.

«Xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lmagan fuqarolardan esa zudlik bilan xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish so‘raladi», deyiladi agentlik murojaatida.

Qo‘shimcha ma'lumot uchun: 71 202 33 55 (ichki raqam 41, 42)

Top