20:52 / 03.02.2021
20503

O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisiga o‘rinbosar tayinlandi

Prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomovga yangi o‘rinbosar tayinlandi. 

Shuhrat Otaboyev / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq, Shuhrat Xoldarovich Otaboyev O‘zbekiston Respublikasi prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shuhrat Otaboyev endilikda prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomovning o‘rinbosari sifatida ish boshlaydi. U shu paytgacha «Ipoteka bank» ATIB boshqaruv raisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Shuhrat Otaboyev 1978 yilda tug‘ilgan. Dastlab, Toshkent moliya instituti (2000 yil), keyinchalik Yaponiyaning Siyosiy fanlar Milliy instituti (2005 yil) hamda Prezident huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2010 yil) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1995 yil Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlagan. 1998 yildan boshlab Toshkent davlat texnika universiteti «Kamolot» jamoat markazida bosh hisobchi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2001-2012 yy. O‘zbekiston Markaziy bankida turli lavozimlarda mehnat qilgan. Otaboyev 2015-2017 yillarda «Xalq banki» AT boshqaruvi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan. 2017 yil iyunidan 2018 yil 14 noyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2018 yil 14 noyabrdan e'tiboran «Ipoteka bank» ATB raisi lavozimiga tayinlangan.

Ma'lumot uchun, shu vaqtgacha Ravshan G‘ulomovning ikki o‘rinbosari bor edi: Galina Karimovna Saidova va Obid Arziqulovich Hakimov

Avvalroq, Xalq ta'limi vaziri lavozimida ishlagan Dilshod Kenjayev hamda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Doniyor Qodirov prezident maslahatchilariga o‘rinbosar etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.

Top