20:22 / 03.02.2021
4746

Rossiya Ozarboyjon va Armaniston bilan aviaqatnovlarni tiklaydi

Bundan tashqari, 8 fevraldan Moskva - Bishkek yo‘nalishidagi aviaqatnovlar haftasiga bittadan uchtaga yetkaziladi, Belarus bilan temir yo‘l qatnovi tiklanadi, Moskva - Minsk yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga uch martadan besh martaga oshadi.

Foto: Izvestiya

Rossiya Ozarboyjon va Armaniston bilan xalqaro aviaqatnovlarni tiklashga qaror qildi. Mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin bu haqdagi tegishli farmoyishni imzoladi.

«2021 yil 15 fevraldan o‘zaro asosda Ozarboyjon va Armaniston bilan xalqaro aviaqatnovlarni tiklashga qaror qilindi», — deyiladi hujjatda.

 Qayd etilishicha, Moskva — Boku yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta, Moskva — Yerevan yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga to‘rt marta aviaparvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Xabarda aytilishicha, ushbu qaror koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtab taklifi bilan qabul qilingan.

Shu bilan birga, 8 fevraldan Belarus bilan temir yo‘l qatnovi tiklanadi, Moskva — Minsk yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlar haftasiga uch martadan besh martaga oshadi, Rostov-Don va Sankt-Peterburgdan Minskka aviaparvozlar tiklanadi.

Bundan tashqari, 8 fevraldan Moskva — Bishkek yo‘nalishidagi aviaqatnovlar haftasiga bittadan uchtaga yetkaziladi.

Rossiya xalqaro aviaqatnovlarni o‘tgan yil martda to‘xtatgandi. Avgustdan esa boshqa mamlakatlar bilan aviaaloqa birin-ketin tiklana boshladi. 

Top