15:17 / 03.02.2021
5721
The Economist: O‘zbekiston demokratiya indeksida 155-pog‘onaga ko‘tarildi

O‘zbekiston Demokratiya indeksi reytingida ikki pog‘ona yuqorilab, 167ta mamlakat ichida 155-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Shuningdek, O‘zbekiston 57ta avtoritar rejimdagi davlatlardan biri sifatida tan olingan.

Foto: RIA Novosti

Buyuk Britaniyaning The Economist nashri 2020 yil uchun Demokratiya indeksi reytingini e'lon qildi. Unda 165ta davlat va 2ta ma'muriy birlik haqida so‘z yuritilgan. Ushbu reytingda O‘zbekiston 155 pog‘onada qayd etilgan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan mamlakat o‘z pozitsiyasini 2 pog‘onaga yaxshilagan.

2020 yil uchun e'lon qilingan reytingda 167ta mamlakatning 116tasi o‘z pozitsiyasini yo‘qotgani, faqat 38ta mamlakat holati yaxshilangani qayd etilgan.

Ushbu indeksni tuzishda pandemiya keltirib chiqargan muammolar ham inobatga olingani bildirilgan. Xususan, fuqarolar irodasiga qarshi ayrim davlatlarda lokdaun e'lon qilinishi va karantin choralarini qat'iylashtirish masalalarini tanqid qilgan shaxslarning bosimga uchragani reytingga ta'sir qilgan.

Osiyoda Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvan davlatlari to‘liq demokratik rejimdagi mamlakatlar sirasiga kiritilgan bo‘lsa, Yevropaning Fransiya va Portugaliya davlatlari ushbu maqomdan mahrum etilgan.

Ushbu indeksga umumiy 9,81 ball bilan Norvegiya boshchilik qildi. Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi avtoritar rejimga mansub ekani ko‘rsatilgan indeksda faqat Qirg‘iziston aralash rejimdagi davlat ekani tan olingan. Shuningdek, Rossiya, Belarus va Ozarboyjon davlatlarida ham avtoritarizm hukmron ekani qayd etilgan.

Ma'lumot uchun, ushbu indeksni tuzishda saylov jarayonlari va hur fikrlilik, hukumatning ishlashi, siyosiy ishtirok va madaniyat shakllanishi hamda jamiyat erkinligi omillari inobatga olinadi.  

Top