20:23 / 03.02.2021
4494
Toshkentda bank xodimi 170 mln so‘m miqdoridagi pensiya pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi

Xalq bankining Mirzo Ulug‘bek filiali xodimi fuqarolarning 170 mln so‘m miqdoridagi pensiya va nafaqa pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning axborot xizmati rahbari Nurbek Xalimov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan Xalq banki Mirzo Ulug‘bek filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

«Tekshiruvda filialning sayyor kassa hisobchi-nazoratchisi T.T. 2020 yilning sentyabr oyidan 2021 yilning yanvar oyiga qadar bo‘lgan davrda o‘ziga ishonib topshirilgan 170 million so‘m pensiya va nafaqa pullarini egalariga tarqatmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deya departament vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xalq banki ham ushbu holatga rasman munosabat bildirgan. Qayd etilishicha, 26 yanvar kuni aksiyadorlik tijorat Xalq banki mas'ul  xodimlari tomonidan bankning Mirzo Ulug‘bek filiali tekshirilganida, sayyor kassa xodimi T.T. tomonidan yanvar  oyi uchun pensiya to‘lovlarini tarqatish maqsadida olingan naqd pul mablag‘laridan 170 mln. so‘m kamomad aniqlangan.

«Tarqatish uchun ajratilgan mablag‘lar tumandagi mavjud pensiya va nafaqa oluvchilarga yetkazilgan. Shu bilan birga, Mirzo Ulug‘bek filiali tomonidan uyda yo‘q, vafot etgan, ko‘chib ketgan fuqarolarning pensiya va nafaqa pul mablag‘lari o‘rnatilgan tartibda yanvar oyining oxirida tuman Pensiya jamg‘armasiga qaytarilgan. Bank xodimi T.T. tomonidan kunlik kassadan olinadigan bo‘nak naqd pul mablag‘i o‘zlashtirilgan.

Ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda hujjatlar taqdim qilingan», deyiladi bank matbuot kotibining kanalida e'lon qilingan bayonotda.

  • Avvalroq Agrobank Mirzaobod filiali sobiq boshqaruvchisi va boshqalar soxta hujjatlar asosida bir necha shaxslarning nomiga jami 458,5 mln so‘m kredit mablag‘larini rasmiylashtirish orqali o‘zlashtirgani, Samarqandda Milliy bank xodimi 7,7 mlrd so‘m va 607 ming dollarni talon-toroj qilgani, Xalq bank Navoiy shahar filiali mansabdor shaxslari 43 nafar fuqaroning xabarisiz, ular nomiga chorvachilik, issiqxona, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlarda 675 mln so‘m kredit pullarini olib, o‘zlashtirib yuborishgani, Ipoteka bank kassiri aholining bankdagi 104,3 million so‘m miqdoridagi to‘lovlarini kirim qilmay, talon-toroj qilgani haqida xabar berilgan edi.
Top