10:00 / 03.02.2021
53113

Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia: jabrlanuvchilarga yetgan zarar to‘liq qoplanmagan bo‘lishi mumkin

Kun.uz surishtiruvidan ma'lum bo‘lishicha, quruvchilarning o‘limi tufayli ularning oilasiga yetkazilgan zarar yetarlicha qoplab berilmagan bo‘lishi mumkin. Prokuratura zarar to‘liq qoplangani vaji bilan ishni yopgan, aybdorlar jazoga tortilmagan edi.

2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida avariya ro‘y bergan, 6 nafar ishchi tuproq ostida qolib halok bo‘lgandi.

Odamlar o‘limiga olib kelgan hodisa aybdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2020 yil 18 mart kuni, ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.

Tergovning bunday tugatilishiga – vafot etganlarning oila a'zolariga yetkazilgan zarar o‘rni ish beruvchi tomonidan «to‘liq qoplangani» asos qilib olingan.

Kun.uz surishtiruvining aniqlashicha, jinoyat ishi tugatilgan vaqtda jabrlanganlarga yetkazilgan zarar summalari to‘liq hajmda qoplab berilmagan. Bundan tashqari, tovon pullarining tergov ishi tugatilganidan 4–5 oy o‘tganidan keyin to‘lab berilgani ham jiddiy qonunbuzilish hisoblanadi.

Fojia oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tuzilgan Hukumat komissiyasi topshirig‘iga muvofiq, halok bo‘lgan ishchilarning har biri uchun ularning oila a'zolariga 100 million so‘mdan kompensatsiya puli berilgan edi.

Ma'lum bo‘lishicha, marhumlarning bir nafari «O‘zbekiston temir yo‘llari mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasi xodimi va qolgan 5 nafari «SBK Universal Construction Group» MChJ xodimlari bo‘lgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2020 yilning 24 yanvardagi buyrug‘iga asosan tuzilgan komissiya ularning har biri uchun zarar to‘lovini olish huquqiga ega bo‘lgan qaramog‘idagi shaxslarga 261,9 mln so‘mdan (marhum Z.Karimovga 281 mln so‘m tayinlangan) biryo‘la to‘lanadigan nafaqa belgilagan.

Bundan tashqari, komissiya:

  • Yakkabog‘ tumanidan bo‘lgan marhum Anvar Diyorovning qaramog‘ida bo‘lgan 4 nafar (turmush o‘rtog‘i va uch nafar farzandlari) mehnatga layoqatsiz shaxslarning har biriga 727,6 ming so‘mdan har oylik boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • Shahrisabz tumanidan bo‘lgan marhum Davron Abdullayevning qaramog‘ida bo‘lgan 1 nafar (onasi) mehnatga layoqatsiz shaxsga 1 mln 212 ming so‘m har oylik boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • Shahrisabz tumanidan bo‘lgan marhum Oybek Abdullayevning qaramog‘ida bo‘lgan 4 nafar (ota-onasi va ikki nafar farzandlari) mehnatga layoqatsiz shaxslarning har biriga 606 ming so‘mdan har oylik boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi;
  • Shahrisabz tumanidan bo‘lgan marhum Jonibek Ravshanovning qaramog‘ida bo‘lgan 4 nafar (ota-onasi va bir nafar farzandi) mehnatga layoqatsiz shaxslarning har biriga 519 ming so‘mdan har oylik boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi belgilash to‘g‘risida qarorga kelgan.

Samarqand tumanidan bo‘lgan marhum Ixtiyor Rahmatovning qaramog‘ida mehnatga layoqatsiz shaxslar bo‘lmagani uchun uning oilasiga faqat biryo‘la to‘lanadigan tovon puli belgilangan.

Ammo, Kun.uz qo‘lga kiritgan ma'lumotlarga ko‘ra, «SBK Universal Construction Group» MChJ marhumlarning oila a'zolariga maxsus komissiya tayinlagan nafaqa pullarini o‘z vaqtida va yetarli miqdorlarda to‘lab bermagan.

Jumladan, baxsiz hodisa tufayli halok bo‘lgan Anvar Diyorovning yaqinlari biryo‘la va oyma-oy to‘lanadigan nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilmagani sababli «SBK Universal Construction Group» MChJga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan.

Boquvchisini yo‘qotgan da'vogar Lobar Rahmonova (marhum A.Diyorovning bevasi) sudda oilaning farzandlari uchun tayinlangan har oylik kompensatsiya va bir martalik nafaqa umuman to‘lanmaganini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, Lobar Rahmonova turmush o‘rtog‘ining vafoti tufayli yetkazilgan ma'naviy zarar uchun to‘lov undirishni ham so‘ragan.

Lobar Rahmonova

Sudning hal qiluv qaroridan ma'lum bo‘lishicha, javobgar «SBK Universal Construction Group» MChJ sud jarayonlari davomida bir martalik kompensatsiya 161 million 938 ming so‘m miqdorida to‘lab berilganini, uning qolgan 100 million so‘mlik qismi esa marhumning yaqinlariga moddiy yordam sifatida aynan bir martalik to‘lanadigan kompensatsiya hisobidan to‘lab berilganini bildirib izoh bergan.

Sud esa 100 million so‘mlik mablag‘ korxona rahbariyati tomonidan ixtiyoriy ravishda, hech bir huquqiy asossiz, bundan tashqari qonunga muvofiq boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan nafaqa olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs – marhumning akasiga to‘lab berilgani uchun Lobar Rahmonova foydasiga kompensatsiyaning to‘lab berilmagan 100 million so‘m qismini undirish haqidagi talabni qonuniy va asosli deb topgan.

Sudya Olim Shamsiyev raisligida ko‘rib chiqilgan sudda da'vogar Lobar Rahmonovaning javobgar korxonaga nisbatan boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan kompensatsiya va ma'naviy zarar undirish haqidagi da'vo talablari qanoatlantirilgan.

2020 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgar «SBK Universal Construction Group» MChJdan da'vogar Lobar Rahmonovaning 3 nafar farzandlarining har biriga 16 yoshga to‘lgunga qadar har oyda 727 ming so‘mdan kompensatsiya, 100 mln so‘m bir martalik kompensatsiya va yetkazilgan ma'naviy zarar uchun 300 mln so‘m kompensatsiya undirish belgilangan.

Ishni ko‘rgan sudya O.Shamsiyevning Kun.uz'ga tasdiqlashicha, hal qiluv qarori 2020 yil 18 dekabrda qonuniy kuchga kirgan.

Lekin, qaror ijrosi bir oydan buyon ham amalga oshirilmayotgani uchun 2021 yilning 14 yanvar kuni jabrlanuvchi Lobar Rahmonovaning advokati Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limiga zararni majburiy undiruvga qaratishni so‘rab, so‘rov kiritgan.

Kun.uz muxbiri mazkur sud ishi sabab bo‘lib, Yunusobod fojiasi oqibatlari qay darajada bartaraf etilgani bilan qiziqdi va yana bir bor marhumlarning xonadonlarida bo‘lib, yaqinlari bilan suhbatlashdi.

  • Shahrisabz tumanining Beshkapa qishlog‘idan bo‘lgan marhum Oybek Abdullayevning onasi Halovat Shukurovaning aytishicha, ularga dastlab 100 million so‘m pul berilgan. Qolgan 161 million so‘m esa 2020 yilning sentabr oyida plastik karta ochib, shunga tushirib berilgan. Bundan tashqari, har oylik nafaqa to‘lovlari ham 5 oyda bir qilib tushirilgan.
Halovat Shukurova (marhum Oybek Abdullayevning onasi)
  • Aynan shu tumandan Marhum Jonibek Ravshanovning onasi Risolat Bobomurodova va Davron Abdullayevning onasi Sabohat Jamolova ham dastlab o‘g‘illarining jasadi bilan 100 million so‘mdan, keyin esa 2020 yilning sentabr oyida yana 161 million so‘mdan pul berilganini ma'lum qilishdi. Oilalarga belgilangan har oylik nafaqa to‘lovlari tegishli plastik kartalariga tushirib berilmoqda.
Risolat Bobomurodova (marhum Jonibek Ravshanovning onasi)
Sabohat Jamolova (marhum Davron Abdullayevning onasi)
  • Samarqand tumanidan bo‘lgan marhum Ixtiyor Rahmatovning bobosi ham dastlab 100 million so‘m olganini aytdi. Qolgan 161 million so‘mni marhumning, ayni vaqtda asrab olgan bolalari bilan Toshkent shahridagi chiqindi yig‘ish punktida yashayotgan onasi Farog‘at Turopova 2020 yilning sentyabr oyida qabul qilib olgan.
Farog‘at Turopova (marhum Ixtiyor Rahmatovning onasi)

1-xulosa: Prokuratura jinoyat ishini asossiz tugatgan bo‘lib chiqmoqda

Guvohi bo‘lganimizdek, ayblanuvchilar marhumlarning oilalariga yetkazilgan zararni tergov tugatilgan vaqtda qoplamagan bo‘lgan.

Kompensatsiya pullari jinoyat ishi tugatilib, aybdorlar jazodan qutulib qolganidan bir necha oy o‘tgandan keyin to‘lab berilgan.

Poytaxt prokuraturasi jinoyat ishini 2020 yil 18 mart kuni yopgan edi. Bunga «jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani» sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Shu o‘rinda, «zarar to‘liq qoplandi» deganda tergov organi nimani nazarda tutgani ancha shubhali xulosalarga zamin yaratmoqda.

Ayon bo‘lib qolgan mazkur holatlar yuzasidan izoh olish maqsadida dastlabki tergovni olib borgan Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qildik.

Shahar prokuraturasi Mehnat vazirligining komissiyasi belgilagan zarar summalari qoplanmasdan turib, tergov tugatilishini shunday izohladi:

«O‘zbekiston Respublikasi Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 33-moddasiga asosan, xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi belgilangan bo‘lib, mazkur modda talabi doirasida, Maxsus komissiya tomonidan baxsiz hodisaning shart-sharoitlari, mehnat qonunchiligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalari va me'yorlari buzilishi holatlari o‘rganib chiqilib, xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararlar va tovon to‘lovlari miqdori hisoblab chiqilgan.

Tergovda, baxsiz hodisa natijasida jabrlangan shaxslarning oila a'zolariga ularning dafn marosimlari uchun dastlabki kunda 100 mln so‘mdan yordam puli ajratilganligi holatini jabrlanuvchilarning jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan oila a'zolari o‘z ko‘rsatmalarida tasdiqlab o‘tishganligi nazarda tutilgan», – deyiladi poytaxt prokuraturasi Kun.uz'ga taqdim etgan izohda.

Demak, tergov organining fikricha, dafn marosimlarini o‘tkazish uchun 100 mln so‘mdan berilgan to‘lov – jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq hajmda (!) qoplanganini anglatmoqda.

Vaholanki, marhumlarning oilalariga yetkazilgan zarar 100 mln so‘m emas edi.

2-xulosa: 6ta oiladan 5tasi yana 100 mln so‘mdan olishga haqli

Masalaning yana bir bahsli tarafi – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida tuzilgan komissiya qaroriga ko‘ra marhumlarning oila a'zolariga to‘lab berilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya miqdori bo‘lib qolmoqda.

Chunki jabrlanuvchilardan biri ushbu holatda sudga murojaat qilganida, sud marhumning vafotidan bir necha kun o‘tib berilgan 100 million so‘m komissiyadan tashqari maxsus komissiya belgilagan 261 million so‘mdan alohida to‘lanishi lozim, degan qarorga kelgan.

Lekin, «SBK Universal Construction Group» barcha jabrlanuvchilarning yaqinlariga tovon pulini to‘lashda dastlab berilgan 100 million so‘mni ham hisobga olgan. Vaholanki, 100 mln so‘mdan kompensatsiya puli ishlab chiqarishdagi baxsiz hodisalarni o‘rganish bo‘yicha komissiyaning emas, Vazirlar Mahkamasining 18 dekabrdagi farmoyishi bilan tuzilgan Hukumat komissiyasining topshirig‘iga binoan berilgan edi.

Hozircha, Hukumat komissiyasining topshirig‘iga binoan dastlabki to‘langan 100 mln so‘mlik kompensatsiya marhumlardan faqat bir nafarining foydasiga hal bo‘lgan. Haqdorlarning bunga erishishi oson kechmagani haqida yuqorida aytildi. Qolgan 5 oila esa yana 100 mln so‘mdan haq talab qilishlari mumkinligidan bexabar qolmoqda.

Ushbu holatda Bosh prokuratura tergovni tugatish asoslari qonuniyligini qayta ko‘rib chiqishi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi esa bahsli 100 mln so‘mlarning taqdiri haqida o‘zining uzil-kesil xulosasini berishi maqsadga muvofiq.

Kun.uz holat yuzasidan surishtiruvini davom ettiradi.

Kun.uz muxbirlari:
Farrux Absattarov,
Shuhrat Shokirjonov,
Isomiddin Po‘latov.

Tasvirchilar – Jamshid Abdiyev,
Jahongir Aliboyev.

Mavzu
Yunusoboddagi fojia
18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, 6 nafar ishchini tuproq bosib qoldi.
Barchasi
Top