21:06 / 04.02.2021
20948
AQSh Nemsov va Navalniy ishi sabab Putinga sanksiya qo‘llashi mumkin
Foto: Getty Images

Amerikalik respublikachi va demokrat senatorlar birgalikda maxsus qonun loyihasini ishlab chiqishmoqda. Unga ko‘ra, Vladimir Putin ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh sanksiyalari obektiga aylanishi mumkin.

Qonun loyihasida Boris Nemsovning o‘ldirilishi va Aleksey Navalniyni zaharlashga aloqasi bor bo‘lgan rasmiy shaxslar sanksiyaga tortilishi ko‘zda tutilgan. «Putinning hukumati korrupsiya va zulmkorlikka qaratilgan rejimdan xabar topgan fuqarolarni qo‘rqitish uchun qotillikdan foydalanishni uzoq yillardan buyon odat qilgan», deydi demokratik partiya vakili Kris Kuns.

«Rossiyani dushmanlik kayfiyatidagi ishlar uchun javobgarlikka tortish» nomli qonun tasdiqlanganidan keyin 90 kun ichida AQSh prezidenti administratsiyasi qonunchilarga Navalniyni zaharlashda qatnashgan sobiq yoki amaldagi hukumat vakillari haqida ma'lumot berishga majbur bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, Oq uy Rossiya hukumati Navalniyni zaharlash jarayonida kimyoviy quroldan foydalanish bo‘yicha xalqaro qonunchilikni buzgan-buzmagani borasida qat'iy fikr aytishga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, prezident administratsiyasi Kongressga 2015 yil Boris Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha barcha ma'lumotlarni taqdim etishi kerak. Nemsov 6 yil avval Kreml yaqinida otib ketilgandi. Ushbu qonunga ko‘ra, AQSh prezidenti administratsiyasi qonunchilarga Vladimir Putin va oila a'zolarining iqtisodiy holati haqida ma'lumotlarni ham taqdim etishi kerak.

Top