18:58 / 05.02.2021
7254

Chimboyda 2ta maktabni ta'mirlash jarayonida 452,5 mln so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi

Chimboy tumanida 2ta umumta'lim maktab binolarini ta'mirlashdagi 452,5 mln so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departamentning axborot xizmati rahbari Nurbek Xalimov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining Chimboy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda tumandagi umumiy o‘rta ta'lim maktab binolarini joriy ta'mirlashda amalda bajarilmagan qurilish ishlarini hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritilib, ish hajmini qo‘shib yozish orqali 36-maktab bo‘yicha 290,9 mln so‘m va 44-maktab bo‘yicha 161,6 mln so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani, tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan esa ushbu jamiyatlar hisob raqamiga pullar to‘liq o‘tkazib berilgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda maktab qurilishi uchun davlat tomonidan ajratilgan 631 million so‘m talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonda 2021–2023 yillarda 13 934 o‘rinli 31ta yangi maktab qurilishi rejalashtirilgan.

Top