10:45 / 05.02.2021
10155
Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylandi

Markaziy saylov komissiyasining sobiq raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi etib saylandi.

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston  Respublikasi  Konstitutsiyaviy  sudining  tarkibiga  o‘zgartirishlar  kiritish  to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 2-bandiga va «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni 9-moddasi birinchi qismining 2-bandiga muvofiq, Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich Abdusalomovni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi etib saylash to‘g‘risida Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi Baxtiyor Dehqonboyevich Miralimovning vakolati muddatidan ilgari tugatildi.

Ma'lumot uchun, Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov 1952 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.

U 1995-2004 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining raisi, 2004-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi bo‘lib ishlagan. 2005 yil 7 maydan buyon O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Top