20:00 / 05.02.2021
2685
O‘zbekistonda fan jamiyatlari tashkil qilinmoqda. Ularning vazifalari ma'lum qilindi

Ilmning muayyan yo‘nalishiga daxldor bo‘lganlarni birlashtirish, shu yo‘nalishdagi yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yo‘naltirishni maqsad qiluvchi fan jamiyatlari tashkil qilinadi.

O‘zbekistonda 2021 yilda astronomiya, kimyo, zoologiya, filologiya, arxeologiya, jarrohlik singari 21ta yo‘nalishda fan jamiyatini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Har bir jamiyat shu sohadagi yetakchi ilmiy-tadqiqot instituti yoki ilmiy-amaliy markaz qoshida tashkil topadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z bordi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova fan jamiyatlari jahon tajribasida keng tarqalgan amaliyot ekanini qayd etdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

«Hozirda jahonda 35ga yaqin mamlakatda turli yo‘nalishlarda 800tadan fan jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda biologiya, sotsiologiya, matematika, tarix, fizika sohalarida 10tadan ortiq fan jamiyatlari mavjud.

O‘zbekistonda 38 mingga yaqin ilmiy xodim ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, fanni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyati va malakasi yuqori bo‘lgan fan vakillarini ko‘paytirish maqsadida fan jamiyatlarini tashkil qilish rejalashtirilgan», – dedi Turdiqulova.

Ilm-fan va ilmiy texnikaviy tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Otajonovning tushuntirishicha, fan jamiyatlari fan namoyandalari, yetakchi olimlarining sohadagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

«Hozirgacha ham O‘zbekistonda fanning muayyan yo‘nalishlarida jamiyatlar mavjud bo‘lgan. Endilikda ular yangi formatda tashkil qilinadi. Ular nafaqat fan sohasidagi nufuzli olimlar, ilmiy darajasi borlar, balki shu yo‘nalishga daxldor va qiziqishi bo‘lgan, uning rivojlanishida o‘z hissasini ko‘ra oladigan barchani birlashtirishi kerak. Ya'ni jamiyatga qo‘shilish uchun ilmiy daraja bilan bog‘liq to‘siq yo‘q.

Fan jamiyatlari o‘z sohasining salohiyatli ilmiy tashkilotlar qoshida tashkil qilinadi. Bu tashkilotlar jamiyat uchun kerakli sharoitlar, infratuzilma bilan ta'minlashi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, fan jamiyatlari tashabbuskor g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishga yordamchi bo‘lishi lozim. Yo‘nalishning yetuk namoyandalari yosh kadrlarning g‘oyalarini eshitishi va to‘g‘ri yo‘naltirishi lozim», – dedi boshqarma boshlig‘i.

Top