12:12 / 05.02.2021
31644

Quva tumanining 4ta sektor rahbari ishdan ketdi 

Farg‘ona viloyatining uchta tumani hokimi ishdan olindi.

Farg‘ona shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, sessiyada sektorlar ishini tizimli tashkil etmagani va xizmat vazifasini yetarli darajada bajarmagani uchun qator rahbarlar ishdan olindi.

Xususan, Quva tumanining 4ta sektor rahbari ishdan ketdi - tuman hokimi Ravshan Qurbonov, prokuror Baxtiyor Vahobov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Haydamatov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i Nosir Maqsudov lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tumani bo‘yicha 2ta sektor rahbari: hokim Qahramon Jo‘rayev va prokuror Mirvohid Otaboyev, Yozyovon tumani 1-sektor rahbari, hokim Yo‘lchiboy Boyigitov ham ishdan olindi.

Qayd etilishicha, bundan buyon 4ta sektor rahbari, viloyat hokimining 7 nafar o‘rinbosari «mahallabay» ishlab, aholining muammolarini hal qilishga shaxsan mas'ul va javobgar ekani belgilab qo‘yildi.

«O‘z ishini uddalay olmagan rahbarga nisbatan jiddiy xulosa qilinadi va bugungiday lavozimidan ozod etiladi», deya ma'lum qilindi sessiyada.

  • Ma'lumot uchun, Ravshan Qurbonov 2019 yil martidan buyon Quva tumaniga rahbarlik qilib kelayotgandi. Qahramon Jo‘rayev 2017 yilning mayida O‘zbekiston tumani hokimi vazifasiga tayinlangan, Yo‘lchiboy Boyjigitov muqaddam viloyatning boshqa bir tumani - Uchko‘prikda hokim bo‘lib ishlagan, 2018 yilda bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan majburiy mehnatga yo‘l qo‘yishda ayblanib jiddiy ogohlantirish olgach, ishdan ketgan, u qachon Yozyovon tumaniga hokim bo‘lgani haqida ma'lumot yo‘q. 
Top