14:08 / 05.02.2021
4923
“Xudojon, bolamni mendan olib qo‘ymagin” – eri nogiron ayol jigarbandi uchun chora istayapti

Bir zumga tasavvur qilib ko‘ring: ko‘z oldingizda jigarbandingizni tutqanoq tutib, o‘zini yo‘qotib qo‘yishini ko‘rsangiz-u, qo‘lingizdan hech bir chora kelmasa. Bu holat kuniga 20-30 martalab takrorlansa. Denovlik Shohista Mamanazarova shu azob bilan yashayapti.

Uning 7 yoshli o‘g‘li Javohir Shuhratjonov tug‘ilganidan beri tutqanoqdan aziyat chekadi. Javohir dunyoga kelganida komaga tushgan, shundan buyon har kuni tutqanoq xuruj qiladi. Xurujlar 15 martadan 30 martagacha takrorlanadi.

“Olib bormagan shifokorim qolmadi, hamma joyga ko‘rsatdim. Hamma shifokorlar ko‘rib, xudo xohlasa yaxshi bo‘ladi, deydi. Lekin kuniga 30 martalab tutqanoq xuruj qiladi. Qo‘limdan keladigani faqatgina bag‘rimga bosib, “Allohim shifo bergin”, deb o‘tirish xolos.

Tengdoshlariga qo‘shib bog‘chaga bermoqchi edim, ikki kundan keyin qaytarib berishdi. Aybi tutqanog‘i borligi. Hech bir bog‘cha olmaydi. Gapga tushunmaydi, chunki tengdoshlaridan 3 yil orqada. Haliyam o‘zini 4 yashar deb tasavvur qiladi. Bolam forma kiyib maktabga borishini orzu qilaman. Hatto o‘rtoqlari bilan o‘ynasa, tutqanoq xuruj qilib yiqiladi. Yuzlari shilinib, tishlari sinadi. Yiqilib mayib bo‘lib qolishidan qo‘rqib yashayman. Xudojon, bolamni mendan olib qo‘ymagin, deb nola qilaman.

Hozir yagona umidim Rossiyadan. Tyumen shahridagi shifokorlar bolani operatsiya orqali tuzatish mumkinligini aytib, natijaga kafolat berishyapti. Operatsiyaning o‘ziga 9 ming dollar ketar ekan, bundan tashqari borish-kelish xarajatlari ham bor. Bu kimlargadir hech qancha emasdir, lekin biz uchun bu pul hozir suv va havodek zarur. Non va suv ichmasam ham mayli, lekin shu pulni topish uchun harakat qilyapman”, deydi Shohista opa.

Afsuski, farzandining xastaligi ayol boshidagi yagona dard emas. Javohirning otasi ham yaxshilar ko‘magiga muhtoj, u ikkinchi guruh nogironi. Shuhratjon Markayev 20 yil avval avtohalokatga tushib, chap oyog‘ining pastki qismidan ajralgan. Unga protez o‘rnatish kerak. Davlat tomonidan har yili bepul protez beriladi, ammo u sifatsiz – 2-3 kunga ham yaramay sinadi. Yangisini olishga imkon yo‘qligi bois siniq protezni yamab, skotchlab ishlatishga to‘g‘ri kelmoqda. Sifatli va mustahkam protez o‘rnatish uchun esa oila 35 mln so‘m topishi kerak.

Uch farzand ulg‘ayayotgan, bolalarning kenjasi va oila boshlig‘i dard bilan yashayotgan oilaning oilaviy ahvoli yaxshi emas – faqatgina bemorlar olayotgan nogironlik nafaqasiga bog‘lanib qolishgan. Bu esa operatsiyaga jamg‘arish tugul, kunlik xarajatlarni qoplashga ham kifoya qilmaydi.

“Ro‘zg‘orga xarajat qilsak, bolalarning kiyimiga yetmaydi. Bir tomonda dori masalasi ham bor. O‘g‘lim har kuni 30 ming qiymatidagi dori ichadi. Ba'zida nonsiz qolib ketgan kunlarimiz bo‘lgan.

Har 2-3 oyda Toshkentga davolanishga olib kelamiz. Har gal 7-8 mln pul ketadi. Pulimiz qolmay, viloyatga qaytish uchun taksiga qarzga chiqqan vaqtlarimiz ham bo‘lgan...” , deydi Shohista opa ming istihola bilan.

Savob talabida bo‘lgan yaxshilar, bir oilaning dardiga befarq bo‘lmaylik! Ularning mushkulini oson qilish uchun Alloh qodir qilgani qadar yordamingizni ayamang. Zora, bu kichik yaxshiligingiz oxiratda sizga katta yengillik bersa, ajabmas.

Pul o‘tkazish uchun:

UzCard: 8600 1204 0360 0557 (Mamanazarova Shohista nomida)

Sberbank: 4279 5500 1192 8330 (Kunduz Buriyeva nomida)

Telefon: +998937660204

Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Operator: Mirvohid Mirrahimov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top