16:46 / 05.02.2021
21894
Zayniddin Nizomxo‘jayev Markaziy saylov komissiyasiga rais bo‘ldi

Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida Zayniddin Nizomxo‘jayev Markaziy saylov komissiyasi raisi etib saylandi. Bahrom Qo‘chqarov esa unga o‘rinbosar bo‘ladi.

Senat raisi o‘rinbosari Zayniddin Mahamatovich Nizomxo‘jayev Markaziy saylov komissiyasining bugun, 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida MSK raisi etib saylangan. Komissiya matbuot kotibi Hasan Abdurahmonov Kun.uz’ga bu ma'lumotni tasdiqladi.

3 fevral kuni komissiya tarkibi yangilangan, unga 16 yil raislik qilgan Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning vakolati tugatilgandi. O‘sha kuni Qonunchilik palatasidagi majlisda Markaziy saylov komissiyasining 7 nafar a'zosi vakolatlari tugatilgan, shuningdek, 8 nafar yangi a'zolar nomzodi ma'qullagandi.

Senatning 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan o‘n ikkinchi yalpi majlisida parlament quyi palatasi tomonidan ma'qullangan nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi a'oziligiga tasdiqlangan edi. Hasan Abdurahmonovning ma'lum qilishicha, komissiyaning ichki yig‘ilishida Zayniddin Nizomxo‘jayev MSKning yangi raisi, Bahrom Qo‘chqorov uning o‘rinbosari etib saylangan.

Zayniddin Nizomxo‘jayev 1954 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, shifokor. «O‘zbekiston Qahramoni» faxriy unvoni sohibi. U avvalgi chaqiriq Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasini boshqargan edi, 2019 yilgi saylovlardan keyin 2020 yil yanvarida Senat raisi o‘rinbosari etib saylangandi.

Bahrom Qo‘chqorov esa 1972 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 2017 yilda prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari, 2017−2020 yillarda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan. Shu kunga qadar Adliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Bundan oldinroq MSKning sobiq raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib saylangani xabar qilingandi. MSK raisining sobiq o‘rinbosari Mahmud Istamov esa Buxoro viloyatining prokurori lavozimiga tayinlangan.

  • Yanvar oyi oxirida Qonunchilik palatasi Konstitutsiya va Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. O‘zgarishlardan biri saylov sanasini dekabrdan oktyabrga ko‘chirishni ko‘zda tutadi. Senat ham ushbu qonun loyihasini ma'qullab, prezident imzolasa, 2021 yilgi prezidentlik saylovlari 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top