20:01 / 06.02.2021
4531

AQSh sanksiyalarni bekor qilmagan holda Eronning holatini yengillashtirish yo‘lini izlamoqda – Bloomberg

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Oq uyning yangi rahbari avvalgi prezident Donald Trampning Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqish to‘g‘risidagi farmonini bekor qilishi ham mumkin.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyati yadroviy kelishuvga qaytish uchun qadam sifatida iqtisodiy sanksiyalarni saqlab qolgan holda Eronning moliyaviy ahvolini yengillashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Agentlik manbalarining ma'lumot berishicha, muhokama qilinayotgan yo‘llardan birida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun Eronga Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan qarz berilishi hamda mamlakatga xalqaro insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘siq bo‘layotgan taqiqlarni yumshatishni ko‘zda tutilmoqda. 

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Oq uyning yangi rahbari avvalgi prezident Donald Trampning Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqish to‘g‘risidagi farmonini bekor qilishi ham mumkin. Ammo Eronga nisbatan kiritilgan barcha sanksiyalarni to‘liq bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilmayapti.

Avvalroq Oq uy AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvga qaytishi Tehronga bog‘liqligini ma'lum qilgandi.

 2018 yilda o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqishi to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Shundan keyin Vashington Tehronga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklagandi.

Yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv 2015 yilda Eron, BMT xavfsizlik kengashining besh doimiy a'zosi va Germaniya ishtirokida imzolangan.

Top