08:42 / 06.02.2021
5678

Samarqandda Covid-19 infeksiyasiga chalinganlarni davolashga mo‘ljallangan oxirgi markaz yopildi

Samarqand shahrida joylashgan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan oxirgi markaz ham yopildi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Qayd etilishicha, 5 fevral kuni Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalingan oxirgi bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatilgan. Viloyatda «Covid-19» infeksiyasiga chalingan bemor qolmagan. Shu bois, mazkur kasallikka chalingan bemorlarni davolash uchun moslashtirilgan markaz (Xospis) o‘z ishini yakunlagan.

Ta'kidlanishicha, pandemiya boshlangandan buyon hozirga qadar ilk bor viloyatda koronavirusga chalinganlar butunlay sog‘ayib bo‘lgan va birorta bemor qolmagan.

«Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur jarayonlarda fidoyilik ko‘rsatgan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi», deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, koronavirusga chalinish holati eng ko‘paygan paytda viloyatda Samarqand shahridagi olimpiya zaxiralarini tayyorlash majmuasida 1080 o‘rinli, Urgut tumanida 500 o‘rinli, Kattaqo‘rg‘on shahrida 200 o‘rinli taqsimlash markazlari tashkil etilgan edi. Noyabr oyining ikkinchi yarmiga kelib Samarqand viloyatida koronavirusga chalinish holati keskin kamaygandan so‘ng avvaliga Urgut va Kattaqo‘rg‘ondagi, so‘ng olimpiya zaxiralarini tayyorlash majmuasidagi taqsimlash markazlari yopilgandi. Mana endi so‘nggi taqsimlash markazi ham yopildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top