09:19 / 06.02.2021
32684
Sirlarga boy Boyqo‘ng‘ir. Ilon Mask bu kosmodrom tarixiga yakun yasaydimi?

Qozog‘iston hududida joylashgan, ayni paytda Rossiya Federatsiyasiga tegishli Boyqo‘ng‘ir (Baykonur) kompleksi – dunyodagi birinchi va yirik kosmodrom. U uzoq yillar davomida samoga kema uchirish borasida yetakchilik qilgan (2016 yilga kelibgina Kanaveral burni bu borada oldinga o‘tib ketgan).

Foto: Roskosmos

Garchi Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati hududida 6717 km² hududni egallagan bo‘lsa-da, Boyqo‘ng‘ir kosmodromi ham, unga yondosh Boyqo‘ng‘ir shaharchasi ham yillik 115 mln dollar to‘lash sharti bilan 2050 yilga qadar Rossiyaga ijaraga berilgan.

Rossiyaning to‘lovi faqat bundan iborat emas – kosmodrom faoliyatini moliyalashtirib turish, shaharcha infratuzilmasini saqlash va boshqa qator loyihalar uchun Rossiya hukumati yiliga 10 mlrd rubldan ortiq mablag‘ sarflaydi.

Xo‘sh, buncha pul sarflash Rossiyaga nima uchun kerak, aslida bu kosmik davlatning o‘z hududida ham qator kosmodromlari ham bor-ku?

Avvalo, buning tarixiy ahamiyati bor. Boyqo‘ng‘ir kosmodromi sobiq ittifoqning faxri hisoblangan. Rossiya esa ittifoqning vorisi sifatida kosmodromga ega bo‘lishni istaydi.

Soyuz-FG raketasi 2012 yil 22 iyul / Foto: Roskosmos

Kosmodrom qurilishida bir necha omillar hisobga olingan: geografik joylashuv – yon-atrofi sahro bo‘lgan Boyqo‘ng‘ir hududi radiolokatsion tizimlarning yaxshi ishlashi uchun qulay. O‘rmonlar, botqoqlar, yirik suv havzalari va tog‘ tizmalari kabi tabiiy to‘siqlardan xoli. Aholi juda siyrak, aynan kosmodrom hududi tinch aholidan ancha narida, favqulodda vaziyatlarda qurbonlar ehtimoli kam, shuningdek unumdor yerlardan voz kechish zarurati yo‘q.

Cho‘l hududida bo‘lsa-da, kosmodrom qurilguniga qadar ham temiryo‘l tizimiga ega ekani ta'minot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shuningdek, sovitish tizimi va shaharcha hayoti uchun zarur chuchuk suv manbasi bo‘lgan Sirdaryoning yaqinligi ham, yilning 300dan ortiq kuni quyoshli bo‘lishi ham muhim omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, harbiy ahamiyat ham bor: Boyqo‘ng‘ir hududidan uchirilgan raketa 7000 km naridagi Kamchatkada joylashgan Kura bazasiga kelib tushishi mumkin.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi va shaharchasining qurilishini sobiq ittifoqdagi barcha xalqlarning kuchli irodasi va katta yutug‘i, deya baholash adolatdan bo‘ladi. Bu shunchalik yirik va murakkab reja ediki, bir necha yil davomida davlatning eng yirik loyihasi bo‘lib qoldi. Hatto, Boyqo‘ng‘ir loyihasini berkitish maqsadida Qozog‘iston hududidagi bepoyon bo‘z yerlarni o‘zlashtirish uchun «Qo‘riq» («Tselina») kampaniyasi o‘tkazilgan, degan taxminlar ham bor.

Loyiha ustidagi ishlar 1954 yilda boshlandi. 1955 yilda esa shartli ravishda «Tayga» nomini olgan harbiylashgan raketa qismlari qurilishi boshlandi.

Kosmodrom qurilishi va faoliyat xronologiyasi:

  • 12 yanvar 1955 yil. Birinchi harbiy-quruvchilar ishga kirishdi.
  • 12 fevral 1955 yil. Sobiq SSSR hukumati qit'alararo ballistik raketalar poligonini yaratish haqida qaror chiqardi.
  • 20 iyul 1955 yil — birinchi start maydonchasi qurishga kirishildi.
  • 15 may 1957 yil — kosmodromdan birinchi R-7 raketalari uchirildi, lekin natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Bir oydan keyingi ikkinchi urinish ham omadsiz chiqdi.
  • 21 avgust 1957 yil — birinchi samara – raketa shartli yukni Kamchatkadagi bazaga yetkazdi.
  • 4 oktyabr 1957 yil, soat 22:28 — kosmik eraning boshlanishi. R-7 raketasi yordamida yerning birinchi sun'iy yo‘ldoshi uchirildi.
  • 3 avgust 1960 yil. Mudofaa vaziri tomonidan «2 iyun — poligonga asos solingan kun», deya belgilandi.
  • 24 oktyabr 1960 yil. MBR R-16 qurilmasini sinash davomida kuchli yong‘in chiqdi. Buning natijasida 76 kishi halok bo‘ldi.
  • 12 aprel 1961 yil, soat 09:07. Kosmik eraning yangi va yorqin sahifasi — Yu. A. Gagarinning samoga parvoz qilishi.
  • 1966 yil 25 iyunda raketaning samoga ko‘tarilishini tomosha qilish uchun Fransiya prezidenti Sharl de Goll tashrif buyurgan. Shuningdek, yana bir qancha prezidentlar sirli tashriflar amalga oshirgani haqida taxminlar bor.
  • 20 fevral 1986 yil. «Mir» stansiyasi samoga ko‘tarildi.
  • 15 noyabr 1988 yil. «Energiya» raketasi «Buran» kosmik kemasini samoga olib chiqdi.

60 yildan ortiq tarixi davomida Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan olti mingdan ortiq raketalar uchirilgan, 1 500 dan ortiq fazogir aynan shu kosmodromdan koinot sari yo‘l olgan.

Kosmodromning joylashgan joyini josuslardan sir saqlash uchun unga yaqin hududda yolg‘ondakam kosmodrom qurilgan.

Boyqo‘ng‘ir uzoq vaqt davomida SSSR va Rossiyaning samo poygasida yetakchiligini ta'minlab keldi. Ammo so‘nggi yillarda AQSh ancha bu borada ancha ilg‘orlab ketdi. Ayniqsa, Ilon Maskning SpaceX loyihasi samoni zabt etishda o‘ziga xos inqilob yaratdi va 2020 yilda bu kompaniya raketasi ilk bor astronavtlarni o‘z bortiga olib, Xalqaro kosmik stansiya tomon uchdi.

2011 yilda AQShning Space Shuttle dasturi nihoyalangach, Rossiya Xalqaro kosmik stansiyaga ekipaj elta olish imkoniyatiga ega yagona davlatligicha qolayotgan edi. «Roskosmos» rahbari Dmitriy Rogozin esa bundan g‘ururlanib, «amerikaliklar astronavtlarni koinotga faqat batutdan foydalanib olib chiqa olishi mumkin» deb yuqori minbardan turib aytgan edi.

Bu gaplar ma'lum asosga ega bo‘lgan. NASA bosh inspektori Pol Martinning hisobotiga ko‘ra, 2019 yilning iyuliga qadar NASA «Soyuz» kosmik kemalarida 70ta o‘rinni – AQSh va hamkor astronavtlarni Xalqaro kosmik stansiyasiga eltish va qaytarib Yerga qo‘ndirish uchun qariyb 4 mlrd dollarga sotib olgan. Ya'ni «Soyuz» orqali bir kishining parvozi 82 mln dollarga tushgan.

Rogozinning so‘zlaridan uch yil o‘tib, qo‘shhokimlik o‘rnatildi. Buning ustiga, shuncha summaga Crew Dragon'da 4 nafar astronavt parvoz qilishi mumkin. Bu esa parvozlarni ruslarnikidan qariyb 4 barobar arzonlashuviga olib keladi.

Abror Zohidov

Top