21:32 / 07.02.2021
8737
«Biz transportatsiya emas, teleportatsiya bo‘lishimiz kerak» - Tsukerberg

Kelgusida xodimlar ishga AR va VR texnologiyalari (qo‘shimcha va virtual reallik) orqali qatnaydilar, deya taxmin qilmoqda Facebook asoschisi.

Foto: AFP

Kelajakda ofis xodimlari ish binosida jismonan mavjud bo‘lishiga hojat qolmaydi. Barchasi qo‘shimcha (AR – augmented reality) va virtual (VR – virtual reality) reallik texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Facebook asoschisi Mark Tsukerberg Clubhouse ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari bilan suhbatda shunday fikr bildirdi.

Tsukerbergning aytishicha, Facebook Reality Labs jamoasining so‘nggi tadqiqotlari insonlarning ish ofisi yoki boshqa joyga jismonan borishiga zarurat qoldirmagan holda o‘sha makonda mavjud bo‘lishini ta'minlashga yo‘naltirilgan.

«Hozirgi AR va VR texnologiyalarining muammosi ularning shakl omilidadir. Bu texnologiyalardan foydalanish uchun qalin hoshiyali ko‘zoynaklarni taqish kerak. Demak, asosiy vazifa – kichik qurilma asosida ishlovchi texnologiyani yaratish.

Lokdaun ish beruvchilar o‘z xodimlarini ish joyiga bog‘lab qo‘yishiga zarurat yo‘qligini ko‘rsatdi. AR va VR texnologiyalar odamlarga o‘zlari istagan makonda yashagan holda borishlari kerak bo‘lgan joyda mavjud bo‘lish imkonini beradi», – deydi Facebook rahbari.

Uning taxminicha, bu texnologiyani ishlab chiqish 4–5 yil vaqt olishi mumkin.

Tsukerberg virtual reallikning afzalliklari sifatida xodimlar samaradorligining ortishi, ishga qatnash uchun transportga ehtiyojning kamayishi, natijada havoda zaharli gazlar miqdori qisqarishi kabilarni sanab o‘tdi.

«Biz transportatsiya emas, balki teleportatsiya bo‘lishimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi Tsukerberg.

Shuningdek, kompaniya asoschisi keyingi o‘n yillikda Facebook xodimlarining yarmi masofaviy ish shakliga o‘tishini ma'lum qildi.

Top