16:43 / 07.02.2021
31376

Hindistonda muz ko‘chishi: 125 kishi bedarak yo‘qoldi

Himolaydan yirik hajmli muzlik ko‘chishi to‘g‘onni buzib yubordi va Hindiston shimolidagi Uttarakxand shtatida suv toshqini keltirib chiqardi.

Foto: Reuters

Vodiydagi suv bosgan qishloqlar aholisi evakuatsiya qilingan bo‘lsa-da, shtat bosh vaziri Trivendra Singh Ravatning ma'lumotiga ko‘ra, kamida 125 kishining taqdiri noma'lum bo‘lib qolmoqda.

Qutqaruvchilar 7 kishining jasadini topishgan, hodisa hududida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Yuzlab kishilar, shu jumladan, politsiya va armiya bo‘linmalari, shuningdek, harbiy vertolyotlar qutqaruv amaliyotlariga jalb etilgan.

«Barchasi juda tez sodir bo‘ldi, kimnidir ogohlantirishga vaqt bo‘lmadi. Men suv barchamizni yuvib ketadi deb o‘ylagandim», deya hodisa hududida yashovchi Sanjay Singh Rananing so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Muzlik Himolay tog‘ tizmasidagi, Hindistonda ikkinchi eng yuqori tog‘ bo‘lgan Nandadevidan ko‘chib tushgan.

Tog‘ daryolari bo‘ylab harakatlangan muzlik yangi qurilayotgan gidroelektrostansiya to‘g‘onlariga urilgan.

Internetda tarqalgan kadrlarda to‘g‘onlardan biri vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Yo‘qolganlarning aksari - ushbu qurilishlarda ishlagan ishchilar bo‘lgan.

Quruvchilarning 16 nafari qutqaruvchilar tomonidan evakuatsiya qilingan. Shtat politsiyasi rahbari Ashok Kumarning aytishicha, «Rishi Ganga» GESida ishlayotganlarning 50 nafardan ortig‘i halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hukumat atrofdagi qishloqlar aholisini evakuatsiya qilishga ulgurgan.

«Mamlakat ular xavfsizlikda bo‘lishlari uchun ibodat qilishmoqda», deya yozgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi shtat rahbari bilan so‘zlashuvdan keyin tvitterida.

Qo‘shni Uttar Pradesh shtatining qator tumanlarida suv toshqini ehtimoli munosabati bilan favqulodda shaylik holati joriy qilingan.

Muz ko‘chishiga nima sabab bo‘lgan?
BBC jahon xizmatining ekologiya masalalari bo‘yicha korrespondenti Navin Singh Xadka

Halokat tog‘li hududda ro‘y bergan va shu tufayli hozircha hech kimda bu savolga aniq javob yo‘q.

Ekspertlar massivdan katta muz bo‘lagi ajralib chiqishiga iqlim isishi yoki yog‘ingarchiliklar sabab bo‘lganini taxmin qilishmoqda.

Muz ko‘chishi o‘zi bilan yanada ko‘plab ko‘chkilarni olib kelgan bo‘lishi mumkin.

«Katta ehtimol bilan shunday bo‘lgan, chunki oxirgi kunlarda kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilgandi», degan Vadia nomidagi Himolay geologiya davlat institutining sobiq katta glyatsiologi D.Doxbal.

Ekspertlar muz ko‘chkisi o‘z yo‘lida ko‘lga tushgani va uning suvi toshganini ham taxmin qilishmoqda.

 

Foto: AFP

 

Mavzuga oid
Top