20:48 / 07.02.2021
23520
Navalniyni yana sud qilishmoqda. U bu gal urush faxriysiga tuhmat qilishda ayblangan

Juma kuni rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyga qarshi yana bir sud ishi boshlandi. Bu safar Navalniy urush qatnashchisi bo‘lgan faxriyni haqorat qilganlikda ayblanmoqda.

Foto: Getty Images

Ish nimadan boshlangandi?

Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish orqali Vladimir Putinning shu vaqtgacha prezidentlikka saylangan muddatlari bekor qilingandi. Ana shu masaladagi referendumda odamlarni «ha» deyishga undaydigan targ‘ibotda 94 yoshli urush qatnashchisi Ignat Artemenko ham qatnashgan. Ular Putinning taxtda qolishi muhimligini aytib, o‘zgarishlar uchun ovoz berishni targ‘ib qilgan. Aleksey Navalniy bu video haqida tvitterda yozib, ishtirokchilarni «mamlakat uchun uyatli bo‘lgan odamlar» deb atagan. Shu ish bo‘yicha Navalniy ustidan ish ochilgan.

Sudga Navalniyni «Matrosskaya tishina» nomli o‘zi saqlanayotgan tergov izolyatoridan olib kelishgan. Bu sudda ham prokuror sifatida Navalniyning shartli jazosini haqiqiysiga almashtirgan Yekaterina Frolova ishladi. O‘shanda Frolova siyosatchini jazoni o‘tash koloniyasiga o‘tkazishni so‘ragan va sud uning talabini bajargandi.

Navalniy va hazillari

Aleksey Navalniy sud jarayonini o‘zini kamsitish uchun qilinayotganini aytgan holda jarayon davomida ko‘p marta hazil qildi. Sudya odatiy so‘roq jarayonini boshlaganda Navalniy «Uzr, qo‘lingizni ko‘rmayapman» deb hazillashdi. «Sizga nisbatan ochilgan ish bilan tanishib chiqdingizmi?», degan savolga siyosatchi «Umuman ko‘rmadim. Avgust oyidan buyon favqulodda ishim ko‘payib ketdi, shu sabab bu ish bilan tanishishga vaqtim bo‘lmadi», deb javob berdi.

Navalniy sud boshida jabrlanuvchi Artemenko niqobda turganiga e'tibor berdi: «Baraka topgurlar, yordamga muhtoj bo‘lgan bu odamdan qo‘g‘irchoq tariqasida foydalanib nima qilasiz? Unga hech bo‘lmasa yotib, niqobini yechishiga imkon bering. Shuningdek, advokatim bilan gaplashib olish uchun vaqt so‘rayman», dedi Navalniy. Unga advokati bilan gaplashib olish uchun vaqt berildi.

Sudya ish boshida ayblovni o‘qib eshittirdi va Navalniy Artemenkoni bila turib haqorat qilganini aytdi. Navalniy esa bu odamni haqorat qila olmasligini, chunki u bilan tanish emasligini aytdi. «Hech qanaqa Artemenkoni tanimayman. Shuningdek, undan bezbetlarcha foydalanayotgan qarindoshlarini ham», dedi siyosatchi.

Navalniyning advokatlari ayblov asossiz ekanini, chunki o‘zini haqorat qilingan deb atayotgan odam masala nima haqida ekanini to‘liq anglashi talab qilinishini aytgan. Shuningdek, Navalniyning so‘zlari faqat da'vogar tomonidan haqorat deb topilgani aslida ham bu so‘zlar haqorat ekanini anglatmasligi aytildi. «Bu ishda Navalniy o‘zini nimadan oqlashi ham aniq emas», degan advokat.

Siyosatchining o‘ziga so‘z berilganda shunday dedi: «Bu ish qayerdan kelib chiqqanini bilaman. Uni piarchilar, aytaylik Russia Today jurnalistlari, Margarita Simonyan o‘ylab topgan. Menga qarshi doim sud ishlari soxtalashtirilgan, lekin hukumat bu borada doim muammoga duch keladi. Chunki men hamma tushunadigan so‘zlar bilan masalani tushuntirib beraman. Ajoyib kunlarning birida menga qarshi yaxshiroq ayblov topilishi maslahat qilingan. Masalan, men ular uchun muqaddas bo‘lgan nimanidir haqorat qilgan bo‘lishim kerak bo‘lgan. Keling, birorta veteranni topamiz, unga medal taqib qo‘yamiz-da, Navalniy veteran va uning medallarini haqorat qildi, deyish uchun ishlatamiz, deyishgan».

Veteranni so‘roq qilish

Sud keyinchalik jabrlanuvchi sifatida tanishtirilgan urush faxriysi Artemenkoni so‘roq qildi. Bu jarayonda Navalniy ham gap qo‘shishga ulgurdi: «Xonada (veteran video orqali aloqaga chiqqandi) u bilan birga kim bor? Kim gap o‘rgatyapti? FXX xodimimi yoki Margarita Simonyanmi?» Sud esa veteranning uyida yana bir sudya borligini va u holat haqida jabrlanuvchiga ma'lumot berib turganini aytdi.

«Men urush faxriysiman, iste'fodagi polkovnikman. Belarus frontida turib jang qilganman, keyin 39 yil armiyada xizmat qildim. Iyun oyida dala hovlimda Navalniy meni vatan xoini deb ataganini bilib qoldim. Men Navalniy omma oldida mendan kechirim so‘rashini istayman», dedi urush faxriysi xuddi qo‘lida yozilgan matnni o‘qiyotgandek.

Shu vaqtda prokuror og‘zaki so‘roqni to‘xtatishni, chunki jabrlanuvchi o‘tgan yozda nima bo‘lganini yaxshi eslolmasligini aytdi. Sudya talabni qabul qildi. Artemenkoning qolgan yozma so‘zlarini prokuror o‘qib berdi: «Men juda xafa bo‘ldim, Navalniy meni sotqin deb atadi. Men umrim bo‘yi hech kimni sotmaganman. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan meni himoya qilishlarini so‘rayman».

Bu matn o‘qilayotgan vaqtda urush faxriysining mazasi bo‘lmay qoldi va shu sabab sudda tanaffus e'lon qilindi. «Boshida shunday bo‘lishini aytgandim, siz yoshi katta odamning ustidan kulyapsiz», dedi Navalniy uning tobi qochib qolgach.

Jabrlanuvchining qo‘shnisi so‘roq qilindi

Tanaffusdan so‘ng sudya guvohlar eshitilishini ma'lum qildi. Birinchi bo‘lib jabrlanuvchining qo‘shnisi bo‘lgan guvoh, 95 yoshli Galina Margulina so‘z oldi. U ham o‘z uyidan video orqali aloqaga chiqdi. Uning aytishicha, Artemenko bilan 1972 yil veteranlar kengashida tanishgan. «Ignat Sergeyevichni haqorat qilishgani haqida qanaqadir ma'lumotga egamisiz?» deb so‘radi sudya. «U haqda juda ko‘p yomon gaplar aytishganini televizordan eshitdim. U juda yaxshi odam, men turgan uyda yashaydi», degan Margulis. Keyin sudya Navalniy izohda urush faxriysini haqorat qilgani aytilayotgan rolik haqida so‘radi: «Ha, o‘sha rolikda uni haqorat qilishganini eshitdim», dedi ayol chalg‘ib ketib.

Bu ayolga ham Navalniy savol berishga ulgurdi: «Siz Artemenko bilan anchadan beri tanish ekaningizni aytyapsiz, ayting-chi, belarus partizanlari o‘zlarining pullarini o‘marib, saroy qurganlarni nima qilgan bo‘lishardi?» dedi siyosatchi o‘zining Putinga tegishli ekani aytilgan saroy haqida surishtiruviga ishora qilib. Sudya tabiiyki, bu savollarni asossiz deb topdi.

Shundan keyin Navalniy yana bir necha savollar berdi: «Galina Andreyevna, ayta olasizmi, nega urushni yutgan mamlakat veteranining pensiyasi urushda yengilgan nemis veteranining pensiyasidan 12 baravar kam? Artemenkoning pensiyasi qancha ekanini bilasizmi?» Sudya bu savollar sudga aloqasi yo‘qligini aytib, Navalniyga sudni mitingdan farqlashni uqtirdi.

Navbatdagi guvoh 1993 yilda tug‘ilgan Akimov bo‘ldi. U o‘z hisobidan sudda qatnashish uchun Penzadan kelganini aytdi. U so‘roq davomida Artemenkoni adashib Ignatenko deb atab yubordi. «Vatan uchun qon to‘kkanlar qachondan beri xoin bo‘lib qoldi?» dedi Akimov. Navalniyning advokati esa haqorat va tuhmat o‘rtasidagi farqni tushuntirib berishni so‘radi. Shu tariqa, Akimov guvohlik berayotgan vaqtda sudda janjal bo‘lib ketdi.

Yana bir guvoh Artemenkoga qaraydigan hamshira Zaynab Temurova edi. Ma'lum bo‘lishicha, u tojikistonlik muhojir. Hamshira rus tilida juda qiynalib gapirdi va Artemenkoning ahvoli Navalniy uni haqorat qilganini bilgach, yomonlashganini aytdi. «Polkovnik haligacha o‘sha voqeani eslab yig‘laydi», degan guvoh. Uning aytishicha, Navalniy vetaranni haqorat qilgani haqida telefoniga video kelgan. Shunda Navalniy «Sizning telefoningizga ham video, ham izoh keldimi?» deb so‘radi. Chunki Navalniy bu videoni tvitterdagi sahifasiga qo‘yib izoh yozgandi. Bu savolga ayol atrofga ko‘z yugurtirib, «Men tvitterga kirmayman», dedi.

Jabrlanuvchining nabirasi

Keyin sud zalida jabrlanuvchi Ignat Artemenkoning nabirasi, 1986 yilda tug‘ilgan Igor Kolesnikov paydo bo‘ldi. Navalniy u so‘z boshlashi bilan asabiylashib ketdi: «Sen o‘z bobongni sotgansan. Artemenko fohisha nabira tarbiya qilgan». Sudya esa Navalniy chegaradan chiqayotgani, haddidan oshayotganini aytdi. Kolesnikov unga Russia Today telekanalidan aloqaga chiqishganini va rolik suratga olinganini aytdi. Nabiraning so‘zlariga ko‘ra, rolik koronavirus sabab kechroq e'lon qilingan va u chiqqach, jurnalistlar telefon qilib, Navalniy Artemenkoni haqorat qilganini aytishgan.

Kolesnikov Navalniydan nega buvasidan kechirim so‘ramaganini aytib, baqira boshladi-da, «Menga suv bering, baqirishdan sillam quridi», dedi. Navalniy esa hazil qilib «Men sizga hech qanday suvsiz baqira olaman», dedi. Navalniy urush faxriysining nabirasidan ish bo‘yicha arizani kim yozganini so‘radi. U gapni olib qochganda so‘zni Navalniy ilib ketdi: «Tergovchilar arizani yozib Artemenkoga qo‘l qo‘ydirib olgan, hammasi uyushtirilganini ko‘rib turibsiz-ku. O‘rtoq sudya, har safar men sizni faktlar bilan boshi berk ko‘chaga olib kelib qo‘yganimda, tanaffus e'lon qilyapsiz, chunki nima deyish kerakligini bilmay qolyapsiz».

Kutilganidek sudda yana tanaffus e'lon qilindi. Biroq bir necha daqiqaga emas, 12 fevralgacha.

Navalniyning advokati VVS'ga mijozi suddagi mantiqsiz holatlar sabab ortiqcha qizishganini aytib o‘tgan. Sudya jarayon davomida bir necha marta Navalniy suddan chetlashtirilishini aytgan. Advokatga ko‘ra, agar bu sodir bo‘lsa, Navalniy sud jarayonida qatnasha olmaydi va unga faqat oxirgi so‘z aytish huquqi beriladi.

O‘zi nima bo‘lgandi?

2020 yil iyunida Russia Today kanalida videorolik e'lon qilinadi. Unda bir guruh odamlar Rossiya konstitutsiyasiga kiritilajak o‘zgarishlarni qo‘llashga chaqiradi. Rolikda mashhur figurali uchish ustasi Adelina Sotnikova, aktyor Ivan Oxlobistin, dizayner Artemiy Lebedev bilan birga urush faxriysi Ignat Artemenko ham qatnashadi. Aleksey Navalniy bu videoga havolani o‘z sahifasiga qo‘yib, shunday yozgandi: «Mana kabutarchalar. To‘g‘risini aytish kerak, sotqin haybarakallachilar jamoasi hozircha ancha kuchsiz ko‘rinmoqda. Ularga qarab shuni aytish mumkin: mamlakat uchun sharmandalik. Vijdonsizlar, sotqinlar», deb yozgandi u.

Bu postdan keyin Navalniy veteran odamni haqorat qilgani va unga tuhmat qilgani bo‘yicha ish ochiladi. Navalniy avgust oyida zaharlangach, ish ma'lum vaqt to‘xtatib turildi va 30 dekabr kuni yana qayta tiklandi. Aynan dekabr oyi oxirida Rossiyada internetda tuhmat qilish va haqorat uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yangi sanksiyalarga ko‘ra, bu holatlar bilan ayblanganlar 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Biroq bu ish uchun shundoq ham koloniyada bo‘lib turgan Navalniyga qo‘shimcha muddat berilmaydi. Bu ish bo‘yicha siyosatchi ko‘pi bilan 1 million rubl miqdorida jarimaga tortilishi yoki majburiy mehnatga jalb qilinishi mumkin.

Oldinroq Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi asoschisi Aleksey Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni o‘tash koloniyasiga yuborilgandi. Aslida u bir necha yil avval bu ish bo‘yicha 3,5 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilingandi, 2 fevralda uning shartli jazosi haqiqiysiga almashtirildi. Navalniyga hukm chiqarilgach, dunyo yetakchilari uning ozodlikka chiqarilishi kerakligini aytib chiqishdi. Xususan, AQSh prezidenti Jo Bayden, Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron siyosatchini ozod qilishga chorlashdi.

Aleksey Navalniy 2020 yilning 20 avgustida Tomsk-Moskva aviareysida uchayotib o‘zini yomon his qilgan va samolyot Omsk shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgach, shifokorlar u zaharlanganini ma'lum qilgandi. Navalniyga tezda og‘uga qarshi ukol qilib, kasalxonaga olib ketishgan. 22 avgust kuni uning xotini Olga Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, erini Germaniyaga olib ketish uchun ruxsat so‘ragan. Rozilik olingach, koma holatida bo‘lgan Navalniy xususiy samolyotda Berlindagi «Sharite» klinikasiga olib ketilgandi.

7 sentyabrda o‘ziga kelgan Navalniy 21 dekabrda «o‘z qotili bilan gaplashgani» haqida surishtiruv e'lon qildi. 17 yanvarda esa Navalniy Moskvaga qaytdi. Uning qaytishi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. «Sheremetevo» aeroportiga qo‘nishi bilan (aslida samolyot «Vnukovo»ga qo‘nishi kerak edi) Navalniy hibsga olindi. Qo‘lga olinganidan ikki kun o‘tib, 19 yanvar kuni Navalniyning go‘yoki Putinga tegishli saroy haqida sensatsion surishtiruvi e'lon qilindi. U koloniyaga yuborilishi ortidan tarafdorlari ikki marta norozilik namoyishlari o‘tkazishdi.

 

Top