17:50 / 07.02.2021
7608
Nukus City qurilishida 250 mln so‘mga yaqin budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Nukus shahridagi «siti» qurilishi bo‘yicha buyurtmachi va pudratchi korxonalar mansabdorlari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 246 million so‘mlik qurilish ishlari qog‘ozda bajarilgan, amalda esa o‘zlashtirilgani ma'lum bo‘ldi.

Foto: O‘zA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi Nukus city qurilishida bir necha yuz million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-taroj qilinganini aniqladi.

Xabar qilinishicha, 2020 yil 18 sentyabrda «Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi va «Granit Montaj Stroy» MChJ o‘rtasida qariyb 3,6 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Unga asosan, «Granit Montaj Stroy» Nukus shahri A.Shamuratova ko‘chasi avtomobil yo‘lining asfalt qoplamasini qayta tiklashi va Nukus city'dagi ko‘p qavatli uylarning suv va kanalizatsiya tarmoqlarini ta'mirlashi belgilangan.

Ammo qiymati 236,5 mln so‘mlik asfalt qoplamasi va qiymati 9,6 mln so‘mlik suv tarmoqlarini ta'mirlash ishlari to‘liq bajarilmagan va hisob-fakturalarga soxta ma'lumotlar kiritilgan.

Shu yo‘l bilan jami 246,1 mln so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilingan.

Holat bo‘yicha «Suv ta'minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Qoraqalpog‘iston hududiy boshqarmasi va «Granit Montaj Stroy» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergovni Nukus shahar prokuraturasi olib bormoqda.

  • Ma'lumot uchun, Nukus city qurilishi haqida dastlab 2018 yil mayida ma'lum qilingan edi. 2019 yil fevralida bu haqda Qoraqalpog‘iston hukumatining qarori chiqdi.
  • Majmua uchun shahar markazidan oqib o‘tuvchi Do‘stlik kanalining chap qirg‘og‘idan 70 gektardan ortiq yer tanlab olingan. Bu hududdagi 400dan ortiq xususiy uylar bosqichma-bosqich buzilishi belgilangan. Ijtimoiy ahamiyatga ega ba'zi yirik obektlar – masjid, sport kolleji, suv basseyni, futbol stadioni va yangi qurilgan 4–5 qavatli uylar buzilmaydi.
  • «Nukus city» 16 qavatli uylar, 20 qavatli mehmonxona, biznes markazlari, ko‘ngilochar maskanlar, banklar, savdo do‘konlaridan iborat bo‘lishi reja qilingan.
Top