11:16 / 07.02.2021
70039
Prezidentning Farg‘ona shahridagi mahallaga kutilmagan tashrifidan keyin shahar «to‘rtligi» ishdan ketdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahridagi mahallalardan biriga kutilmagan tashrifi ortidan shahar hokimi, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbari o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Sektorlar ishini tizimli tashkil etmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Farg‘ona shahrining 4ta sektor rahbari: hokim Hamid Habibidinov, prokuror Atham Mamataliyev, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkat Dadaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Vohidjon Bobobekov o‘z lavozimlarini yo‘qotishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kuni Farg‘ona viloyatiga safari doirasida Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga kutilmagan tashrif bilan kelgandi. U ko‘chalarni piyoda kezib, aholi vakillari bilan uchrashgan, ularning turmush tarzi bilan qiziqqan, mahalladagi muammolar haqida so‘ragandi. Kun.uz manbasi xabar qilishicha, tashrif yakunida prezident sektor rahbarlari faoliyatidan qoniqish bildirmagan.

Hamidjon Ismailovich Habibiddinov muqaddam Davlat soliq qo‘mitasida turli lavozimlarda, xususan, Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi rahbari sifatida ishlagan, 2018 yil oktyabrida Shavkat Erkaboyev o‘rniga Farg‘ona shahri hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Hamid Habibiddinov (chapda)

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2018 yil sentyabridan buyon Namangan viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Adhamjon Tillavoldiyev Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Bundan avvalroq, prezidentning Farg‘onaga safari vaqtida Quva tumanida ham to‘rt sektor rahbarlari ishdan olingan, O‘zbekiston tumanida hokim va prokuror, Yozyovon tumanida hokim vazifasidan ozod qilingandi.

Top