09:42 / 07.02.2021
27286
Farg‘ona viloyatida bir kunda to‘rt tumanda rahbarlar o‘zgardi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi ortidan 6 fevral kuni Farg‘ona viloyatining Quva, Yozyovon, O‘zbekiston va Bog‘dod tumanlarida yangi hokimlar ish boshladi. Shuningdek, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zgardi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov va O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi vakili Abdulla Tursunov ishtirok etgan xalq deputatlari Bog‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Vosiljon Shuhratovich Nazarov Bog‘dod tumani hokimi etib tayinlandi.

Vosiljon Nazarov

2018 yildan beri Bog‘dod tumaniga hokimlik qilgan Alibek Tursunov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgandi.

Vosiljon Nazarov 1984 yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2006 yildan moliya tizimida mehnat qilib keladi. 2019 yildan buyon viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Kun davomida Quva, Yozyovon va O‘zbekiston tumanlariga ham yangi rahbarlar tayinlangandi.

2019 yil martidan Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Halimjon Komilovich Umarov Quva tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Halimjon Umarov

Umarov 2006-2018 yillarda Toshloq tumani hokimi, 2018-2019 yillarda Quva tumani hokimi vazifasida ishlagan.

Bungacha Quva tumanining 4ta sektor rahbari - tuman hokimi Ravshan Qurbonov, prokuror Baxtiyor Vahobov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor Haydamatov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i Nosir Maqsudov lavozimidan ozod etilgandi.

«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Dilshodjon Tursunmurodovich Jalilov Yozyovon tumanining yangi hokimiga aylandi.

Dilshodjon Jalilov

U 5 fevral kuni prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun lavozimidan ozod qilingan Yo‘lchiboy Boyyigitov o‘rnida ish boshlaydi.

Farg‘ona shahri hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Sherzod Akramovich Yo‘ldoshev O‘zbekiston tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Sherzod Yo‘ldoshev

U bu lavozimda Qahramon Jo‘rayevni almashtirdi.

Shuningdek, Bog‘dod tumani hokimi Alibek Mamirjonovich Tursunov Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Alibek Tursunov

Alibek Tursunov 2013 yildan Farg‘ona viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yilda Bog‘dod tumani hokimi, 2017-2018 yillarda Buvayda tumani hokimi, 2018 yil fevralidan 2018 yil iyunigacha Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Top