16:41 / 08.02.2021
10521

Haiti: hukumat davlat to‘ntarishi va prezidentga suiqasdning oldi olinganini ma'lum qildi

Yakshanba kuni Haitida 23 kishi, shu jumladan, Oliy sud sudyasi, politsiyaning yuqori lavozimli amaldori ham davlat to‘ntarishi va respublika prezidenti Jovenel Moizga suiqasd tayyorlashda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda mamlakat adliya vaziri Rokfeller Vinsentga asoslanib, «Frans press» agentligi xabar tarqatdi. 

Foto: Reuters

«Men saroy xavfsizlik xizmati rahbaridan minnatdorman. Bu odamlarning maqsadi hayotimga qasd qilish bo‘lgan. Bu rejaning oldi olindi», degan prezident Moiz.

Ayni vaqtda ushbu mamlakatdagi davlat to‘ntarishiga urinishning ortida kim turgani ma'lum emas. Haiti G‘arbiy yarim shardagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lib, aholining 60 foizidan ortig‘ining kunlik daromadi 2 dollardan kamroqni tashkil qiladi.

Haiti siyosiy inqiroz sharoitida qolmoqda - amaldagi hukumat va muxolifat amaldagi prezident hokimiyatda qancha vaqt qolishi borasida bahslashmoqda.

Jovenel Moiz 2016 yil noyabrida o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonib, 2017 yil 7 fevralida prezident sifatida lavozimga kirishgandi

Moiz konstitutsiyaga ko‘ra uning vakolati muddati bir yildan keyin, 2022 yilning 7 fevralida tugashini aytmoqda. Muxolifat esa qonunan uning hokimiyatdagi oxirgi kuni 2021 yil 7 fevrali bo‘lganini da'vo qilmoqda.

Muxolifatchilar bir necha yildan beri orol davlat poytaxti Port-o-Prensda korrupsiya va jinoyatchilik o‘sishiga qarshi namoyishlar o‘tkazib keladi.

Yakshanba kuni politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘lladi.

Bir necha kundan buyon poytaxtda minglab kishilar prezidentga qarshi namoyishlarga chiqmoqda

O‘tgan yilning fevralida ham namoyishchilar poytaxtda barrikadalar o‘rnatib, politsiyachilar esa mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilgan holda armiya shtabiga hujum uyushtirganida hukumat davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘lgani haqida e'lon qilgandi.

AQSh Davlat departamenti bu masalada Moizni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Juma kuni Davlat departamenti vakili Ned Prays rasmiy Vashington mamlakatda halol va shaffof parlament saylovlari o‘tkazilishiga chaqirishini ma'lum qilgandi.

Moiz ham aprel oyida mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Bir qator inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari BMTga murojaat qilib, referendum o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik va Moizning «demokratiyaga qarshi rejalari»ni qo‘llab-quvvatlamaslikni so‘ragan.

Foto: Reuters
Mavzuga oid
Top