19:51 / 08.02.2021
3295
«O‘zbekiston – imkoniyatlar mamlakati» - xorijiy nashrlar O‘zbekistondagi islohotlar haqida

2021 yil boshidan buyon xorijdagi nufuzli saytlarda O‘zbekiston haqida o‘nlab maqolalar nashr etildi.

AQShdagi mashhur Newsweek jurnalida O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobovning «AQSh o‘zining Markaziy Osiyodagi ishtirokini saqlab qolishi kerak» sarlavhali maqolasi nashr etildi. Maqolada O‘zbekistonning mintaqadagi siyosati va Jo Bayden administratsiyasining hududda mavjud bo‘lishi zaruriyatlari haqida gap boradi.

Shuningdek, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik siyosati Markaziy Osiyo davlatlari orasida o‘zaro ishonch ruhini tiklagani va hududdagi infratuzilma rivojlanishiga imkon yaratayotgani yoritilgan.

Eronning «ITNA News» axborot agentligida «Shavkat Mirziyoyev: Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» sarlavhali maqola e'lon qilingan. Unda prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatidagi yangi O‘zbekiston ta'lim tizimi, maktablar va tarbiya jarayonidan boshlanishi borasidagi fikrlar o‘rin olgan. Shuningdek, maqolada 2021 yil O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim qamrovi 65 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgani, 30ta yangi maktab qurish va 320ta maktabni ta'mirlab, moddiy texnik bazasini ta'mirlash uchun budjetdan 2 trillion so‘m ajratilishi belgilangani keltirib o‘tilgan.

Shuningdek, Pokiston, Turkiya va Tailandning axborot tahliliy portallarida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti mutaxassisi Abror Yusupovning maqolalari e'lon qilingan. Bu maqolalarda O‘zbekistondagi islohotlarning nazariy asoslari, davlat va jamiyat munosabatlaridagi o‘zgarishlar va ularning fuqarolar hayotiga ijobiy ta'siri haqida so‘z boradi.

Saudiya Arabistonining «Ash-sharq Al-Avsat» xalqaro nashrida moliyaviy boshqaruv tadqiqotlariga ixtisoslashgan mutaxassis Abdulla ar-Ridodiyning «O‘zbekiston – imkoniyatlar mamlakati» nomli maqolasi chop etildi.

Muallif mamlakatda o‘zgarishlar 2018 yildan so‘ng boshlangani, bu davrda O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar va investitsiya miqdori oshgani, pandemiyaga qaramay iqtisodiy o‘sish davom etayotganini qayd etib o‘tgan.

«Ash-sharq Al-Avsat» gazetasida O‘zbekistonda ACWA Power kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yoritilgan. ACWA Power O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqaruvchi uchta stansiya quradi. Investitsiya loyihalari qiymati 2,5 mlrd dollarga teng. Uchta stansiyaning umumiy quvvati 2 500 MVt bo‘ladi.

Germaniya tashqi savdo va investitsiya agentligi saytida chop etilgan maqolada iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi bizneslarning kamayishi O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy elementi sifatida baholangan.

Top