17:54 / 08.02.2021
1676
O‘zbekistonda «Faol fuqarolar» umummilliy festivali boshlandi

Ilk marta tashkil etilgan «Faol fuqarolar» umummilliy festivali 8 fevral kuni Toshkent shahrida boshlandi. Festival 10ta viloyat markazida 5 kun davom etadi. Unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Bugun, 8 fevral kuni Toshkent shahrida «Faol fuqarolar» umummilliy festivali boshlandi. 5 kun davom etadigan festival nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimlik organlari, OAV vakillari va 2 mingdan ziyod ishtirokchilarni qamrab olishi rejalashtirilgan.

Festival «Yuksalish» umumilliy harakati, Adliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Qozog‘istonning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (AGRO) va qator hamkorlar ko‘magida tashkil etilyapti.

Festivaldan maqsad – islohotlar jarayonlarining barcha ishtirokchilari sa'y-harakatlarini birlashtirish, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish.

«10ta viloyat markazlarida 20dan ortiq tadbirlar o‘tkaziladi. Tadbirlar konferensiya, taqdimot, mahorat darslari va davra suhbatlari shaklida tashkillashtiriladi. Bunday ko‘lamdagi tadbir O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilyapti», – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov festivalning ochilish marosimida.

Top