20:16 / 08.02.2021
5898
Ta'lim inspeksiyasi rahbari home-schooling tizimi joriy qilinishi haqida ma'lumot berdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida ma'lumot berdi.

«Yurtimiz ta'lim tizimi uchun o‘tgan yilda bo‘lib o‘tgan muhim voqea bu shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi ta'lim to‘g‘risidagi qonuni qabul qilingani bo‘ldi. Ikki yil mobaynida manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilib, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda xalqaro tashkilotlar ekcpertlari ishtirokida mazkur qonun ishlab chiqildi.

Qonunda aynan yoshlarning sifatli ta'lim olish huquqlari qat'iy belgilangan bo‘lib, «hech bir bola chetda qolmaydi» tamoyili asosida ularning sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bandlar kiritilgan. Ta'lim olishning turli muqobil shakllari o‘z aksini topgan. Kattalar ta'limi va hayot davomidagi ta'lim kabi muhim konsepsiyalarga asoslangan. 

Qonunni ishlab chiqish jarayonida 20dan ortiq ta'lim tizimi rivojlangan davlatlarning ta'lim to‘g‘risidagi qonunchiligi o‘rganilib ilg‘or tajribalari inobatga olindi.

Bundan tashqari, ushbu loyihada O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ta'lim sohasiga oid 20dan ortiq farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 10dan ortiq qarorlari, ta'lim tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan masalalar mazmuni qonun loyihasida o‘z aksini topdi», dedi u AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Inspeksiya rahbari nutqini tugatgach, navbat OAV vakillariga berildi va ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda home-schooling, ya'ni uyda o‘qitish tizimining qonuniy asoslari va mexanizmini ishlab chiqish vaqti kelgani borasida savol bilan murojaat qilgan.

«Inspeksiya o‘z faoliyati davomida pandemiyaning dastlabki kunidan boshlab, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa davlatlari va AQShdagi vaziyatni o‘rgandi. Shunga qarab o‘zimizdagi ta'lim tizimiga kerakli ishlarni amalga oshirishga harakat qildik. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan onlayn darslar tashkil qilingan.

Shu bilan birga, bizning eng katta masalamiz – bu ta'lim platformalarini yaratish. Chunki o‘quvchilar uyda o‘tirganda biz ularga kerakli manbalarni bersak, onlayn tarzda ular bilan suhbatlarni amalga oshirsak, savollarga javob bersak, albatta natija bo‘ladi.

Biz Koreya tomoni bilan suhbat o‘tkazganimizda, ular ham o‘z vaqtida bizdagi kabi muammolarga duch kelgani ma'lum bo‘ldi. Ko‘plarida internet bo‘lmagan yoki tezlik yetishmagan. Lekin maxsus guruhlar, hududiy hokimliklar ham bevosita amaliy yordam qilib, muammolarni yechishga harakat qilishdi.

Biz ham xuddi shunday harakatlarni qilganmiz. To‘g‘ri, bizda muammolar ko‘p edi. Internet tezligi deymizmi, yoshlarning 15 daqiqalik darsni qanchalik chuqur o‘zlashtira olishini o‘rganishmi... va men aytishim kerakki, juda ham fidoyi o‘qituvchilarimiz ko‘p. Shu o‘qituvchilar uzluksiz Zoom orqali, telegram orqali o‘quvchilar bilan aloqada bo‘lishgan.

Lekin biz kamchiliklarning hammasini inobatga olib, buni amalga oshirishga harakat qildik. Biz bu yil ta'lim to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni qabul qildik. U yerda 20dan ortiq rivojlangan davlatlarning qonunchiligi va qonunosti hujjatlarini inobatga oldik. O‘sha yerda siz aytgan masala ham hisobga olingan. Bu yo‘nalishda ishlarimiz ko‘p, muammolarimiz ko‘p. Xalq ta'limi, Maktabgacha ta'lim vazirliklari bevosita nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan ishlash masalasi hozir ko‘rilmoqda.

Hozirda Avloniy nomidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti Ilmiy tadqiqot olib boruvchi institutga aylangan. Xuddi shu tizim boshqa ta'lim turlari bo‘yicha qilinadi. Hozirgi kunda biz ilmiy tadqiqot asosida tegishli ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Ishlar amalga oshirilmoqda va biz hamma takliflarni inobatga olmoqdamiz», degan Ulug‘bek Toshkenboyev.

Top