17:44 / 09.02.2021
9941
Moliya vaziri o‘rinbosarlaridan biri vazifasidan ozod etildi

Moliya vaziri o‘rinbosari G‘olib Xoljigitov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimini tark etdi. Vazirlik matbuot xizmati bu ma'lumotni Kun.uz’ga tasdiqladi.

G‘olib Xoljigitov 1979 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, moliyachi, iqtisodchi. 2001 yilda Shimoliy Arizona Universiteti (AQSh), 2004 yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti va 2012 yilda Harvard Universitetlarini (AQSh) tamomlagan.

Moliya vazirligida ish faoliyatini 2001 yilda boshlagan. 2004-2011 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi monopoliyaga qarshi siyosatni takomillashtirish ekspert guruhi rahbari, Markaz direktori vazifasini bajaruvchi va Markaz direktori bo‘lgan. 2016-2018 yillarda «UBS Global Wealth Management» korporatsiyasining xususiy kapital va moliyaviy texnologiyalarni boshqarish masalasida avtomatlashtirish va robotlashtirish xizmatlarni joriy etish bo‘yicha loyihalar menejyeri (AQSh) sifatida ishlagan.

2018 yildan G‘olib Xoljigitov «Bank of America Merril Lynch» korporatsiyasining moliyaviy texnologiyalar masalalari bo‘yicha loyihalar menejyeri (AQSh) lavozimida ishlagan.

Xoljigitov 2019 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori — moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

U endilikda faoliyatini qaysi lavozimda davom ettirishi haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

Top