10:00 / 09.02.2021
3589
Past Darg‘omda shirkat raisi ko‘p qavatli uylarni o‘zining korxonasiga ta'mirlatgan va katta miqdordagi pulni o‘zlashtirgan

Past Darg‘omda aholiga xizmat ko‘rsatadigan uy-joy mulkdorlari shirkatidan birining raisi ko‘p qavatli uylarni o‘zi rahbarlik qilayotgan xususiy korxonaga ta'mirlatgan. Bundan tashqari, u ko‘p qavatli uylarni ta'mirlash uchun ajratilgan 353,3 million so‘mni o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Samarqand viloyati boshqarmasi ma'lum qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, «N» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi A.A. bir vaqtning o‘zida «G‘arb» kichik korxonasi rahbari lavozimida ishlagan.

Qayd etilishicha, shirkatga qarashli uylarni ta'mirlash aynan «G‘arb» kichik korxonasi va «D.T.» ma'suliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgani aniqlangan.

Surishtiruvlarda aniqlanishicha, shirkat raisi rahbar bo‘lgan kichik korxona va «D.T.» MChJ tomonidan 647,3 million so‘mlik ishlar amalga oshirilgan deb hisob-faktura to‘ldirilgan, ammo amalda 293,9 million so‘mlik ishlar bajarilgan. Oqibatda, 353,3 million so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilib, ko‘p miqdordagi mablag‘ o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Qayd etilishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan shirkat raisi A.A. hamda «D.T.» MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish prokuraturaga yuborilgan.

Top