19:25 / 09.02.2021
13840

Shahrixonda yuzlab o‘quvchilar salkam avariya holatidagi maktabda o‘qiyapti. Mahalla nomi – Dorilomon

Dorilomon mahallasi Andijon viloyati Shahrixon tumani markazidan 11 km masofada joylashgan. Mahallada uch ming kishi yashaydi. Bu yerdagi maktabning ayanchli ahvoli kishini o‘yga toldirmay qolmaydi.

Mahalla ahli murojaati ortidan, Dorilomondagi 56-maktabga bordik. Maktabning 2 qavatli binosi 1976 yilda qurilgan.

Binoda 8 ta sinf xonasi bor. Darslar ikki smenada olib boriladi. 24 ta sinfdan 8 tasi moslashtirilgan qo‘shimcha binolarda o‘qiyapti.

Avariya holatidagi qo‘shimcha binolarning qorong‘u va zax xonalarida o‘tgan asrdan meros doska-yu partalarda kelajak avlod bilim olyapti.

O‘quvchilar kutubxona, sport zali, to‘garaklar, oshxona singari eng elementar qulayliklarni faqat orzu qilishi mumkin.

«Maktabimiz 1976 yil qurilgan. 8 ta xonasi bor xolos. Farzandlarimiz ikki smenada o‘qiydi. Mana bu qo‘shimcha bino hashar yo‘li bilan qurilgan. Partalari sobiq ittifoq davridan qolib ketgan, xonalar qorong‘u, qiyin-da...

Bu tomondagi qo‘shimcha binolar nurab, avariya holatida turibdi. Farzandlarimiz, ayniqsa boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan bolalar juda qiynalmoqda. Viloyat hokimligiga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik, lekin natija yo‘q», – deydi Alijon ota Nazarov.

240 o‘ringa mo‘ljallangan maktab oxirgi marta 2007 yilda kapital ta'mirlanib, qo‘shimcha binolar bilan hisoblaganda 320 o‘rinli holatga keltirilgan. Lekin hozir maktabda 550 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 37 nafar o‘qituvchi dars beradi. O‘qituvchilarning 32 nafari oliy toifali.

Maktab direktori Nosirjon Ma'rufov hamrohligida binolar holati bilan tanishdik. Dastavval 1-sinf o‘quvchilari bilim olayotgan xonaga kirdik. Kirishga kirdig-u, hayratdan yoqa ushladik: sinf xonasi juda tor, qorong‘u, devorga 50-yillarda ishlab chiqarilgan doska ilib qo‘yilgan.

Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz, doska chindan ham XX asrning o‘rtalaridan qolgan «meros» ekan. XXI asr bolalari ana shu «meros»dan foydalanib, dars olmoqda. Doskadagi yozuvlarni ajratib olish qiyin bo‘lgani uchun partalar unga yaqinroq surilgan.

Bu sinf xonasida dars o‘tadigan o‘qituvchilarning dardi ichida. Axir ularda tanlash imkoniyatining o‘zi yo‘q.

«Maktabimizda sharoit yomon bo‘lishiga qaramay, o‘zimizga yarasha yutuqlarimiz ham bor. Ayniqsa, 11-sinf bitiruvchilarining oliy ta'limga kirishi yoki bandligini ta'minlash bo‘yicha o‘tgan yilgi hisob-kitobimizga ko‘ra 40 nafar bitiruvchidan 7 nafari O‘zbekistondagi OTMlarga (3 nafari grant asosida), 6 nafari Qirg‘izistondagi OTMlarga o‘qishga kirgan. 25–30 foiz bitiruvchilarimiz OTMlarda o‘qiyapti.

Viloyat hokimining yordami bilan o‘tgan yili isitish tizimi yangilandi. Xalq ta'limi bo‘limi tomonidan 24 komplekt parta-stullar berildi, lekin bular yetarli bo‘lmayapti. Bolalar soni yildan yilga oshib ketyapti-da.

56-maktab direktori Nosirjon Ma'rufov

Maktabda 2016 yil «Bolalar sporti jamg‘armasi» mablag‘lari asosida sport zali qurish boshlangan edi, lekin jamg‘arma yopilib ketgani uchun qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Hozirda sport zali yo‘q, faqat sport maydoni bor.

O‘quvchilarning ovqatlanishi uchun oshxona yo‘q. Kutubxona uchun joy yo‘qligi sabab mahallamizda tarixiy obida sifatida ro‘yxatga olingan binodan kutubxona o‘rnida foydalanishga majburmiz. Maktab hojatxonasini yaxshilash uchun yozda navbatdagi marta harakat qildik, tuman rahbarlariga ham bildirgilar bilan chiqdik. Hozirgi holati qoniqarli, lekin talab darajasida emas, yangi hojatxona qurish kerak.

Bolalar avariya holatidagi sinflarda o‘qiyotganidan doim xavotir olaman, bu bo‘yicha o‘zimiz imkoniyat darajasida ta'mirlashga, ularga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz, lekin imkoniyatimiz nimaga ham yetardi», – deydi maktab direktori Nosirjon Ma'rufov.

8-sinf o‘quvchilariga dars o‘tilayotgan xonaning holati ham haminqadar. Xona issiq kunlarda diqqinafas, qish kunlarida nimqorong‘u bo‘lib ketadi. Katta yoshdagi o‘g‘il-qizlar tahsil olayotgan xonaga boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan partalar qo‘yilgani yanada ajablanarli.

«Partalarga sig‘may qolyapmiz», – degan o‘quvchilardan biri barcha sinfdoshlarining arzi-dodini ifodalagandek bo‘ldi.

Maktab o‘quvchilariga dars o‘tiladigan ikkinchi qo‘shimcha bino uch xonadan iborat ekan. Bittasida dars o‘tiladi, ikkinchisidan bufet sifatida foydalaniladi. Bufet qulflab qo‘yilgani bois ichidagi holatni ko‘zdan kechirishning imkoni bo‘lmadi.

Uchinchi xona qishloq maktablari uchun tanish bo‘lgan o‘tinxona. Shaharda o‘qigan bo‘lsangiz, hayron qolgandirsiz. Ha, XXI asrda o‘zbek maktablari o‘tinda isitiladi. Qishloqlarda bu yangilik bo‘lmay qolgan.

Ochig‘ini aytganda, hozirgi holatida bu binodan foydalanib, o‘qituvchi va o‘quvchilarning hayotini xavf ostida qoldirgandan ko‘ra, uni buzib tashlagan ma'qul. Chunki bu binoda dars o‘tish u yoqda tursin, shunchaki kirib chiqishga ham odam qo‘rqadi.

Navbatdagi darsxonada yana o‘sha holat: xona tor, doska eskirib ketgan, yorilgan joylari ko‘rinib turadi, xonadagi pechka ortida bitta parta doskaga yonlama qilib qo‘yilgan: bu partada saboq olish uchun o‘quvchi butun dars davomida boshini yon tomonga burib o‘tirishga majbur. Doskadagi yozuvlar unga ko‘rinmaydi ham.

«Men bu maktabda o‘qib, sport zali nimalagini bilmadim, qorong‘u maktab xonalarida o‘qidim. Bu bino aslida ombor uchun qurilgan. Shu binoda o‘qib maktabni bitirdik. Alam qilgani, endi bolam ham o‘sha sharoitda o‘qiyapti: na kutubxona bor va na oshxona...

Shunday bo‘lsa-da, o‘qituvchilarimiz juda yaxshi bilim beradi, ularga alohida rahmatimiz bor. Maktabda davomat ham yaxshi. Kattalardan so‘raymiz, sharoit qilib berishsin», – deydi ota-onalardan biri Oybek Rasulov.

Kelganimizni eshitib, bir guruh onaxonlar ham o‘z dardlarini aytib qolishdi. Ularning ham arzlari farzandlari, nabiralari ta'lim olayotgan dargohning risoladagidek bo‘lishi haqida edi.

Bugun «uchinchi renessans» da'vosidagi mamlakatning minglab bolalari tashlandiq maktablarda o‘qimoqda. Biz Dorilomondagi holat yuzasidan Andijon viloyati rasmiylaridan izoh va munosabat emas, aniq amaliy harakatlarni kutib qolamiz.

Aftidan, qurilishga mas'ul idoralar binoning xavfsizligini tekshiruvdan o‘tkazishi lozim.

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi Jahongir Mahmudov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top