10:58 / 09.02.2021
8555

Toshkentda talonchilik sodir etgan uch nafar shaxs qamoqqa olindi

Foto: Tergov departamenti

2021 yil 29 yanvar kuni soat 19:30larda noma'lum shaxslar Toshkent shahri Uchtepa tumani 11-mavze Kichik halqa yo‘li ko‘chasidan o‘tib ketayotgan 35 yoshli fuqaro Ilhom A.ga nisbatan hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, unga tegishli bo‘lgan qimmatbaho buyumlarini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lishgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, Ilhom A. u yerdan qochib ketgan, lekin noma'lum shaxslar uning ortidan Chilonzor tumani 10-mavze 17- va 19-uylar oralig‘igacha quvib kelib, unga nisbatan tan jarohati yetkazib, narxi 2 000 000 so‘mlik “Samsung A-21 S” rusumli uyali telefon apparatini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni fuqaro 37 yoshli Viktor Z., 35 yoshli Mixail P. va Anatoliy L. mast holatda sodir etganliklari hamda talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan, Ilhom A.ga tegishli “Samsung A-21 S” rusumli uyali telefon apparatini Uchtepa tumani Chilonzor dahasida joylashgan “Farhod dehqon bozori”da noma'lum shaxsga 300 000 so‘m evaziga sotib yuborganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Viktor Z., Mixail P. va Anatoliy L.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov davomida Viktor Z., Mixail P. va Anatoliy L. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid
Top