19:31 / 09.02.2021
7352
Yevrodeputatlar Moskvaga borib kelgan YeI tashqi ishlar vazirining iste'fosini talab qilishdi

Ularning fikricha, YeI diplomatiyasi rahbari Rossiya vaziri Sergey Lavrovga qarshi turishi va diplomatlar chiqarib yuborilishi haqida xabar topishi bilanoq tashrifini yakunlashi lozim edi.

Jozep Borrel va Sergey Lavrov / Foto: DPA

Yevropa parlamentining 80dan ortiq deputati tashqi va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil Jozep Borrelning Rossiyaga tashrifidan so‘ng uning iste'fosini talab qildi. Yevrodeputatlar Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyenga bu borada maktub yo‘lladi, deb xabar bermoqda DPA agentligi.

"Janob Borrel o‘tgan haftada amalga oshirgan tashrifi davomida bir necha marta Yevropa ittifoqi manfaatlarini himoya qilmadi", - deyiladi maktubda.

 Ular Borrelni Moskvaga "kamsitiluvchi" tashrifidan so‘ng iste'foga chiqishga chaqirishgan. 

 "Agarda janob Borrel o‘z ixtiyori bilan iste'foga chiqmasa, Yevropa komissiyasi rahbari chora ko‘rishi shart deb hisoblaymiz", - deya qo‘shimcha qilgan yevrodeputatlar.

 Ularning fikricha, YeI diplomatiyasi rahbari Rossiya vaziri Sergey Lavrovga qarshi turishi va diplomatlar chiqarib yuborilishi haqida xabar topishi bilanoq tashrifini yakunlashi lozim edi.

O‘tgan haftada Rossiya Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda qatnashgani sababli Germaniya, Polsha va Shvetsiyaning uch nafar diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborishini ma'lum qilgandi.

Uch nafar diplomatning chiqarib yuborilishi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va YeIning tashqi va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel o‘rtasida Moskvada o‘tkazilgan muzokaralar davomida ma'lum bo‘lgan.

Top