15:19 / 10.02.2021
6671
Kattaqo‘rg‘onda ichki ishlar xodimining kiyimini kiyib yurgan shaxs javobgarlikka tortildi

Kattaqo‘rg‘onda ichki ishlar xodimlarining dala kiyimini kiyib yurgan shaxs ushlanib javobgarlikka tortildi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda yozilishicha, 4 fevral kuni IIV o‘z xavfsizlik boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan olingan ma'lumotga asosan, Kattaqo‘rg‘on shahri hududida joylashgan 7-son tergov hibsxonasi atrofida ichki ishlar organlari xodimlarining dala kiyimini kiyib olgan shaxs IIB xodimlarida shubha uyg‘otadi. Undan xizmat guvohnomasini taqdim etish so‘ralganda, u xizmat guvohnomasini ko‘rsata olmaydi.

Ta'kidlanishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida mazkur fuqaro Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga olib borilib, shaxsiga aniqlik kiritiladi. Surishtiruvlarda u Narpay tumani «Chaqar» MFY da yashovchi, 1997 yil tug‘ilgan Shahzod Mahmudov ekanligi, egnidagi ichki ishlar organlarining dala harbiy kiyimini taxminan 2 oy oldin 240 ming so‘m evaziga tiktirib olganligi ma'lum bo‘ladi.

Qayd etilishicha, holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar IIB HPB tomonidan tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilib, Sh.Mahmudovning egnida bo‘lgan harbiy dala kiyimi xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olinadi. Sh.Mahmudovning harakatlarida MJtKning 209-1-moddasida (Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish) ko‘rsatilgan ma'muriy huquqbuzarlik holati aniqlanganligi sababli unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.  To‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga yuboriladi.

Ta'kidlanishicha, hozirda ushbu shaxsning harakatlari yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Top