18:05 / 10.02.2021
3741

Koronavirus: Johnson & Johnson vaksinasi haqida nimalar ma'lum?

Kompaniya ruxsat olishi bilan vaksina yetkazib berishni boshlaydi. 2021 yilda bir milliard doza vaksina ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Foto: Picture-alliance

Amerikaning Johnson & Johnson konserni AQSh oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasiga (FDA) koronavirusga qarshi ishlab chiqqan vaksinasidan zarur hollarda foydalanilishiga ruxsat berishni so‘rab ariza berdi. Xuddi shunday ariza Yevropa dori vositalari agentligiga (EMA) ham berilgan. Konsern vakilining so‘zlariga ko‘ra, EMA mart oxiriga qadar ijobiy xulosa berishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, Johnson & Johnson vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalariga ko‘ra, u bilan emlangandan so‘ng to‘rt hafta o‘tgach o‘rta va og‘ir darajadagi kovidga chalinish ehtimoli 66 foizga kamayadi.  

Ma'lumot berilishicha, 44 ming kishi qatnashgan uchinchi bosqich sinovlari mazkur vaksina yoshlarga ham, keksalarga ham birdek samarali ekanligini ko‘rsatgan. Sinovlarda qatnashganlarning uchdan bir qismi 60 yoshdan kattalar bo‘lib, o‘lim yoki shifoxonaga yotqizilish holatlari qayd etilmagan.

Ushbu vaksina bilan boshqa vaksinalar singari ikki marta emas, bir marta emlanadi. Bundan tashqari, ta'kidlanishicha, Johnson & Johnson vaksinasini oddiy muzlatkichda saqlash va tashish mumkin. 

Kompaniya FDA ruxsat berishi bilan vaksina yetkazib berishni boshlaydi. 2021 yilda bir milliard doza vaksina ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Vaksina AQSh, Yevropa, Hindiston va Janubiy Afrikada ishlab chiqariladi.

AQSh 100 mln doza vaksina oladi, bundan tashqari, qo‘shimcha 200 mln doza vaksinaga buyurtma bergan. YeI 400 mln doza vaksinaga buyurtma bergan.

Top