14:55 / 10.02.2021
13303
Mashinani lizing yoki sotib olish sharti bilan ijaraga olishda nimalarga e'tibor berish kerak?

2020 yilning yanvar oyidan hozirgacha fuqarolar tomonidan transport vositalarini sotib olish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing xizmati yuzasidan shikoyatlar ko‘paymoqda. Bunda odamlarni aldashning sxemasi qanday?

Foto: Shutterstock

Is'temolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma'lumotiga ko‘ra, avtomobilni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olish yoki lizing xizmati yuzasidan norozi bo‘lib, 2020 yilning yanvar oyidan buyon respublika bo‘yicha 830 nafar iste'molchining murojaati mavjud. Agentlik tomonidan 585 nafar iste'molchi foydasiga 5,5 milliard so‘m miqdordagi zarar undirib berilgan.

Xo‘sh, firibgarliklarning asl sababi nimada? Fuqarolar shartnoma tuzishda nimalarga e'tibor qaratishi kerak? Sotish sharti bilan ijaraga berish yoki lizing? Bu tushunchalar bir-biridan qanday farq qiladi?

O‘zbekiston Respublikasi «Lizing to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq:

Lizing – moliyaviy ijaraning bir turi hisoblanib, ishlab chiqarish vositalari va boshqa moddiy boyliklarni muntazam ravishda haq to‘lab borib, sotib olish sharti bilan 12 oydan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berish hisoblanadi.

Lizing shartnomasi 3 taraflama (sotuvchi – lizing oluvchi – lizing beruvchi) yoki 2 taraflama (lizing oluvchi – lizing beruvchi) ko‘rinishida amalga oshiriladi.

Agar lizing shartnomasi 2 taraflama tuzilsa, qo‘shimcha ravishda lizing obektining oldi-sotdi shartnomasi tuziladi.

Lizing shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:

  • lizing shartnomasi tugagandan keyin lizing obekti lizing oluvchining mulki bo‘lib o‘tsa;
  • shartnomasi tugagandan keyin lizing obektining qoldiq qiymati uning umumiy qiymatining 20 foizidan kam bo‘lsa;
  • Shartnoma tugagach, lizing oluvchi lizing obektini uning bozor qiymatidan past narxda sotib olish huquqiga ega bo‘lsa, bunda mulk qiymati shartnoma tugagan kundagi bozor qiymatiga nisbatan olinadi.

Ba'zi lizing kompaniyalari fuqarolarga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijara shartnomasini tuzishni taklif qiladi. Ijara shartnomasi lizingga ko‘p jihatdan o‘xshaydi, ammo farq qiladi. Lizingda ijaraga beriladigan mulk lizing beruvchi tomonidan mijoz uchun maxsus xarid qilinadi, ijarada bu keng qabul qilingan qaror hisoblanmaydi (ya'ni tashkilot avtomobil  egasi bo‘lmasligi mumkin). Lizing shartnomasida 3 tomon qatnashadi, ijara shartnomasida 2 tomon kifoya, uchinchi tomon bilan shartnoma tuzilmaydi.

Shartnoma tuzishda nimalarga e'tibor berish kerak?

Birinchi navbatda, iste'molchi shartnoma turiga (keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga olishmi yoki lizing) e'tibor qaratish lozim. Sababi shunga bog‘liq holda tomonlarning majburiyat va javobgarligi ham turlicha bo‘ladi. Shuningdek, kompaniya ro‘yxatdan o‘tganligi va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma'lumotlarni iste'molchiga taqdim qilishi kerak. Agar iste'molchining iltimosiga binoan shartnoma notarial tasdiqlanmagan bo‘lsa, bu lizing emas.

Bundan tashqari, shartnoma imzolashda xarid qiluvchi tomonlarning majburiyat va javobgarliklariga alohida e'tibor qaratishi lozim. Gap shundaki, kompaniyalar javobgarlikni iste'molchilarning zimmasiga yuklashga harakat qiladi va yakunda xaridor zarar ko‘rishi yoki avtomobildan ayrilishi ham mumkin.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, asosan quyidagi holatlarda iste'molchilar huquqlari buzilgan:

  • avans to‘lovlari to‘g‘risidagi shartnomalarda transport vositasining to‘liq qiymati ko‘rsatilmasligi;
  • ijaraga olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni yig‘ish,tayyorlash va rasmiylashtirish bilan bog‘lq xarajatlarni qoplashga iste'molchilardan foiz undirish;
  • tashkilotning o‘z majburiyatlarini nomuvofiq yoki o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun penya miqdori shartnomada ko‘rsatilmasligi;

Bulardan tashqari, boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirib, bir necha oylab(shartnoma bo‘yicha 120 ish kuni) avtomobil vositasini kutayotgan iste'molchiga shartnomada ko‘rsatilmagan, narxi qimmatroq boshqa rusumdagi avtomobil vositasi taklif etilayotgan holatlar kuzatilgan.

Top