13:17 / 10.02.2021
3650
«O‘zbek xalqidan yordam so‘rayman» – bir ko‘zidan ayrilgan va jigaridagi og‘ir dard bilan kurashayotgan Shuhratbekka ko‘mak zarur

Shuhratbek Ahmadjonov ikki yildan beri surunkali jigar yetishmovchiligi, jigar sirrozi kasalligi bilan kurashadi. Ayni paytda bemorning ahvoli og‘ir. Shifokorlar unga jigar ko‘chirib o‘tkazish zarurligini aytishgan. Ammo operatsiya uchun yetarli mablag‘ mavjud emas. Bemor saxovatli insonlardan moddiy ko‘mak so‘raydi.

Andijonlik Shuhratbek ikkinchi guruh nogironi. Oilada yolg‘iz o‘g‘il. Ikki nafar farzandi bor. Bemor Kun.uz’ga murojaat qilish orqali o‘zbek xalqidan moddiy yordam so‘ramoqchi ekanini, sog‘aygach vatani uchun xizmat qilishda bardavom bo‘lishini aytdi. 

«Ikki yildan beri surunkali jigar sirrozi kasalligidan davolanib kelyapman. Shifokorlar operatsiya qilish va jigar almashtirish eng ma'qul yo‘li, deb aytishdi. Jarrohlik amaliyoti Hindistonda bo‘lar ekan. Bunga ko‘p mablag‘ zarur. O‘zimiz ham yig‘dik. Lekin u yetarli emas. O‘zbek xalqidan yordamlarini ayamasliklarini iltimos qilib so‘rayman. Xudo xohlasa oyoqqa turib sog‘ayib ketsam,  yaxshi kunlarda xalqqa xizmat qilaman.

Shifokorlar 30 ming AQSh dollari kerak bo‘ladi, deyishyapti. Hozir o‘zimda 16 ming dollar bor. Operatsiya uchun yana 14 ming dollar yetmayapti. Boshqa umidim qolmadi. Kun.uz’ga kelib, murojaat qilib o‘zbek xalqidan yordam so‘rashdan boshqa najotim yo‘q.

Dushmanga ham ravo ko‘rmaydigan kasallik ekan bu. Qornimga suv to‘planib juda kattalashib ketadi. Shu sababli bir yilda kamida uch marta davolanishga majbur bo‘lyapman. Har davolanganimda 20 million so‘m atrofida mablag‘ sarflanadi. Tsirrozning dorilari qimmat ekan. Hozir jigar ko‘chirib o‘tkazish kerak.

Jigar sirrozidan tashqari qonimda Gepatit «B» va «D» viruslari ham bor. U narsa jigarni yemirib boraverar ekan. Dorilar juda qimmat, lekin noiloj ichib turibman.

Yoshligimda yiqilib tushib o‘ng ko‘zimdan bir umrga ayrilganman. Betonga orqa miya bilan tushganman. Operatsiya qilishgan. Ko‘zning miyadagi tomirlariga shikast yetgan ekan. Shundan beri ikkinchi guruh nogironiman. Xudoga shukr bitta ko‘zim yaxshi ko‘radi. Lekin hozir birinchi o‘rindagi maqsadim – jigarimni davolatish.

Niyatlarim juda ko‘p. Yolg‘iz onam bor, davolanib kelib onamni hajga olib bormoqchiman. Bir o‘g‘il, bir qizim bor. Ularni uyli-joyli qilish. O‘qishlarini, orzu-havasini ko‘rishni istayman», dedi bemor biz bilan suhbatda.

 Shuhratbek Ahmadjonovga tegishli ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 9977 5839

Visa: 4187 8000 3052 3229

Humo: 9860 1901 0154 1661

Tel: +998999000188

 Islombek Umaraliyev,
tavirchi Jamshid Abdiyev.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top