14:41 / 10.02.2021
11821

Qo‘qon shahrida yangi «city» va Samarqandda golf maydoni. Koreya kompaniyasi O‘zbekistonga taklif bildirdi

Kompaniya ijrochi direktori Choi Mun Gyu boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 12-19 fevral kunlari O‘zbekistonga kelib, loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishi kutilmoqda.

Foto: Dunyo AA

Qo‘qon shahridagi 34 gektar maydonda «Qo’qon-city» turar joy majmuasi quriladi. Ushbu loyihani Janubiy Koreyaning «Hanshin Engineering & Construction Co., Ltd.» kompaniyasi amalga oshiradi. Bu haqda Dunyo AA xabar bergan.

Ta'kidlanishicha, Janubiy Koreya kompaniyasi vakillari 2020 yil noyabrda Farg‘onada bo‘lib, uy-joy ichki bozorini o‘rgangan. Xabarda loyihaning boshlanishi, qiymati va boshqa ma'lumotlar keltirilmagan.

Bundan tashqari, «Hanshin Engineering & Construction Co., Ltd.» Samarqand viloyatida umumiy qiymati 800 million dollarga teng xalqaro standartlarga mos keladigan golf maydoni qurishni rejalashtirgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Samarqand viloyati hisobidan 270 gektar maydon ajratiladi. Buning 194 ga qismiga golf maydoni va unga tashrif buyuruvchilar uchun turar joy, 6 gektarga xalqaro maktab, 7 gektarga savdo-ko‘ngilochar markaz, shuningdek, 55 gektarga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan.

Kompaniya ijrochi direktori Choi Mun Gyu boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 12-19 fevral kunlari O‘zbekistonga kelib, loyihalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishi kutilmoqda.

2020-2021 yillar mobaynida Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududlarida golf maydonlari barpo etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2019 yili Jizzax viloyatida golf industriyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilingandi.

Mavzuga oid
Top