22:24 / 10.02.2021
13265

Sharm-al-Shayx kurorti beton devor bilan o‘rab chiqildi

Endilikda kurortga kirish uchun kuzatuv kameralari va skanerlar bilan jihozlangan tekshiruv punktlaridan o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Foto: Getty Images

Turistlar xavfsizligini ta'minlash uchun Misrdagi Sharm-al-Shayx kurorti 36 kilometr uzunlikdagi beton devor bilan o‘rab chiqildi, deb xabar berdi Middle East Monitor gazetasi.

 "36 kilometrli to‘siq sahroni kurortdan ajratib turuvchi beton devordan iborat. Hukumat mazkur inshoot yordamida xavfsizlik darajasini oshirish va turistlar xavfsizligini ta'minlashni maqsad qilgan, chunki Sharm-al-Shayx Sinayning isyonchilar harakati to‘plangan sohilidan atigi 360 kilometr masofada joylashgan", - deb yozadi nashr.

Gazetaning qayd etishicha, endilikda kurortga kirish uchun kuzatuv kameralari va skanerlar bilan jihozlangan tekshiruv punktlaridan o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Janubiy Sinay gubernatori Xolid Fuda kurortda turistlarga hech narsa xavf solmasligi, bu shunchaki ehtiyot chorasi ekanligini ta'kidladi.

"Kurort va isyonchilar o‘rnashgan joylar orasidagi masofa katta. Bundan tashqari, Misr armiyasi Shimoliy va Janubiy Sinayni qo‘riqlaydi. Shubhali shaxslar tekshiriladi, ular kurortga shundoqqina kirib kela olishmaydi", - dedi u.

Kurort atrofiga devor qurilishi 2019 yilda boshlangandi.

Top