15:27 / 10.02.2021
6290

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabar qilishicha, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ashraf G‘ani O‘zbekiston rahbariga Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalarida ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun birodar Afg‘oniston xalqi nomidan minnatdorlik bildirgan.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hamda yetakchi xalqaro moliyaviy institutlarning yuqori darajadagi vakillari ishtirokida o‘tgan Trans-afg‘on transport yo‘lagini qurish loyihasini ilgari surish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli bo‘lganini katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Ushbu loyihani amalga oshirishni, shu jumladan, texnik hujjatlarni tayyorlashni va qurilish ishlarini boshlash muhim ekani ta'kidlandi.

Prezidentlar sa'y-harakatlarni birlashtirib, yangi «Surxon – Puli-Humri» elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib olishgan. Shu maqsadda rejalashtirilgan ishlarning bajaralishini muvofiqlashtirishning ikki tomonlama mexanizmi yaratiladi, uning doirasida har oy videoanjumanlar o‘tkazib boriladi.

Shuningdek, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini, shu jumladan neft-gaz tarmog‘ida, ta'lim sohasida, texnik ixtisosliklar bo‘yicha malakali afg‘onistonlik kadrlarni tayyorlash borasida kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bag‘ishlab joriy yil mart oyida Hirot shahrida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar va muloqotlar rejasi yuzasidan ham fikr almashilgan.

Prezidentlar «Yo‘l xaritasi» va ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish va samarali ilgari surish maqsadida qo‘shma hukumat guruhini shakllantirish topshirig‘ini berishgan.

«O‘zbekiston va Afg‘oniston yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top