09:15 / 10.02.2021
5059

Yangihayot tumanini rivojlantirishga qancha mablag‘ yo‘naltirilishi ma'lum bo‘ldi 

Vazirlar Mahkamasining “2021-2023 yillarda Toshkent shahrining Yangihayot tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, qaror loyihasining maqsadi Toshkent shahrining Yangihayot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, sanoat va eksport salohiyatini yanada kengaytirish, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, aholining bandligi ta'minlash va daromadlarini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.

Qaror loyihasida yo‘l-transport infratuzilmasi va elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 1 trln so‘m, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, hududlarning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish, zamonaviy obektlar qurish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 1,3 trln so‘m, ko‘p kvartirali uy-joylarni ta'mirlash va ular atrofini obodonlashtirish tadbirlari uchun 2,2 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish sohalarida 2021-2023 yillarda 4,5 trln so‘mlik 57ta investitsiya loyihalari ishga tushirilishi natijasida 16 027ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Ma'lum qilinishicha, Yangihayot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali aholi turmush tarzi sifatini oshirish, bandlikni ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishda qulay sharoitlar yaratilishiga erishiladi.

Top