17:26 / 11.02.2021
3624
«Asosiy omil – saylovchilarning xohish-irodasi, qolganlari ikkilamchi». O‘zbekistonda saylovlar oktyabrga ko‘chirilganiga izoh berildi

Bugun, 11 fevral kuni «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun mazmun-mohiyatiga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov nima uchun prezident, parlament va mahalliy kengashlarning saylov sanasi oktyabr oyiga ko‘chirilganiga izoh berdi.

«Bu borada xalqaro tajribalar ham o‘rganildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan qonunning konsepsiya variantida saylovlarni mart oyiga ko‘chirish haqidagi taklif ham bor edi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan seminar tadbirlarimizda ham, ommaviy axborot vositalari orqali olgan takliflarimizda ham mart, may, avgust va sentyabr oylari bor edi. Lekin fuqarolardan kelgan takliflarda saylovlarni oktyabr oyida o‘tkazish bo‘yicha eng ko‘p - 70 foizdan ortiq takliflar yuborilgani uchun shu oyga o‘zgartirildi.

Ob-havo bilan bog‘liq masala kichkina bir omil bo‘lishi mumkin. Asosiy omil - O‘zbekiston saylovchilarining xohish-irodasi, qolganlari ikkilamchi», – deya Xudoyor Mamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xudoyor Mamatov

Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 29 yanvar kuni qabul qilingan hamda 5 fevral kuni Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida ma'qullangan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 8 fevral kuni «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, prezidentlikka, parlamentga, mahalliy kengashlarga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bungacha saylovlar dekabr oyida o‘tkazilar edi.

  • Ma'lumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.
Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top