16:47 / 11.02.2021
44127
Ichki ishlar vazirligidan Turdimovga xat keldi. Unda urgutlik murojaatchilar haqida xabar berilgan

Tahririyatga Ichki ishlar vazirligi tomonidan Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov nomiga yuborilgan xat kelib tushdi. Mazkur xatning o‘ziga xosligi shundaki, unda besh nafar fuqaroning nomi keltirilgan. Ular yuqori idoralarga murojaat qilishni rejalashtirayotganidan ogohlantirilgan.

Xatda bu fuqarolar hozirgi kunga qadar o‘z murojaatlari ijobiy hal bo‘lmagani bois, Kun.uz muxbiriga murojaat qilishgani, sayt yordamida namunaviy uylardagi muammolarni internet tarmog‘iga joylashgani ma'lum qilinadi. Murojaatchilarning manzili, ism-familiyalari to‘liq keltirilib, yaqin kunlarda Toshkentdagi yuqori turuvchi organlarga chiqishlari mumkinligi haqida aytilgan. Darvoqe, «rejalashtirgan» iborasi qo‘llangan. Bu so‘z odatda ijobiy buyoq tashimaydi (Atay namoyish o‘tkazishga harakat qilinyapti, degan ibora keltirilmadi).

Ochig‘ini aytish kerak, vazirlikdan bu xatning kelishi bejiz emas. Chunki, Kun.uz saytida e'lon qilingan «Urgutdagi sovuq va sifatsiz namunaviy uylar: hokimning po‘pisasi va antiterror tashrifi» sarlavhali maqolada Urgut hokimi Botir Jabborov qabuliga kelgan murojaatchilarga «tili uzunligi» uchun dakki bergan va istasa, «ikki daqiqada kimligini aniqlab olishi» mumkinligini aytgandi.

Darhaqiqat, hokimning po‘pisasidan bir kun o‘tib murojaatchilarning uyiga ichki ishlarning terrorizmga qarshi kurash bo‘limidan vakil borib, «ro‘yxatga olgan». Shundan keyin hokim hazillashmagan ekan, degan xayolga borgandi fuqarolar.

Odamni qo‘rqitadigan bir holat bor. Hokim murojaatchilarga po‘pisa qilgandi, murojaatchilarning uyiga terrorizmga qarshi kurash bo‘limi bordi va Ichki ishlar vazirligidan yuqoridagi xat viloyat hokimiga keldi!

Savol tug‘iladi. Urgut tumani hokimiga fuqarolar o‘z muammosini aytib borishsa, jinoyatchi hisoblanadimi? Ularning shaxsini «ikki daqiqada» aniqlash uchun ketadigan vaqt muammo yechimiga qaratilmaydimi? Boringki, arz qilish haqidagi me'yorlar Urgutda ishlamaydimi?

Yana savol. Ichki ishlar vazirligi har doim ham shu kabi murojaatchilar haqidagi axborotni viloyat hokimlariga jo‘natib turadimi? Bu qanday ishlash tartibi? Maqsad nima? Qo‘rqitishmi, tiyishmi, ezishmi?

Yana savol. Endi viloyat hokimi Turdimov nima qiladi? Nima qilishi kerak? Vazirlikdan bu ma'lumotlarni hokimlik so‘rab olganmi?

Ichki ishlar vazirligining Samarqand hokimiga yuborgan xati, hokim po‘pisasidan keyin murojaatchilarning uyiga terrorizmga qarshi kurash bo‘limining «tashrifi» yuzasidan tegishli tashkilotlardan jo‘yali izoh kutib qolamiz.

Yaqinda Kun.uz saytida «Urgutda EIZga yaqin uylar buzilishi mumkin. Hokimlik hududda nima rejalashtirilganidan bexabar» sarlavhali maqola ham e'lon qilingandi. Shundan so‘ng, tuman kengashi sessiyasida mahalliy deputat hokimlik va sanoat zonasining yonini olib, saytni ig‘vogarlikda ayblagandi. Bir muddat o‘tib, Kun.uz'ni ig‘vogarlikda ayblagan deputat buning uchun uzr so‘ragandi.

Shuhrat Shokirjonov

UPD: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov holat bo‘yicha izoh berdi.

«Mazkur xat viloyat hokimligiga fuqarolarning ma'lum muammolarini qisqa muddatda hal etish zarurligi, yechimini topmayotgan masalalar fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarishi mumkinligi, bu esa o‘z navbatida ular tomonidan yuqori turuvchi idoralar oldida norozilik namoyishlarini o‘tkazish oqibatida jamoat tartibi buzilishi holatlariga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish maqsadida yuborilgan.  

Ma'lumot tariqasida, Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalaridan biri huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat. Jumladan, aholining maishiy muammolari hal etilmasligi oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish borasida barcha davlat organlari va hokimliklarga taqdimnoma kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan», – deyilgan izohda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top