16:02 / 11.02.2021
7376

«Ikkinchi bosqichdan bosh tortayotgan ko‘ngillilar ham bor» - Innovatsiya vaziri vaksina sinovidagi muammolar haqida

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayoniga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda xitoyliklarning koronavirusga qarshi vaksinasi tadqiqotida ishtirok etuvchilar soni 5 mingdan 9 mingga oshirilgani bo‘yicha izoh berdi.

«Ko‘ngillilar sonining ko‘paytirilishi yangi shtamm kirib kelishi bilan bog‘liq emas. Biz 18 ming dona vaksina olib keldik. Bu vaksina uch dozada qilinadi va 5 ming kishini emlash uchun 15 mingta vaksina kerak bo‘ladi. Orada yetishmovchiliklar bo‘lmasligi uchun 18 ming doza olganmiz.

Dastlab 5 ming doza olganimizning sababi – vaksinaning samaradorligini bilish edi. Samaradorlik qanday o‘lchanadi? Tadqiqotda qatnashuvchilardan 2500 nafari haqiqiy vaksina bilan, qolgan 2500  nafari fiziologik eritma - platsebo bilan emlanadi. Natija qachonki kasallik yuzaga chiqsagina bilinadi. Ya'ni emlanganlar kasal bo‘lishi kerak.

Bizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sababli natijani ko‘rish sal qiyin bo‘lyapti. Shuning uchun ko‘proq odamlarni qamrab olishga majbur bo‘lyapmiz. Shu tufayli, yanada ko‘proq odamlarni qamrab olishga majbur bo‘lyapmiz. Kasallanish darajasini ko‘rmay turib, vaksina zo‘r ishlayapti deb aytolmaymiz.

Masalan, har o‘n kasaldan bittasi vaksina olgan bo‘lsa, qolgan to‘qqiztasi platsebo berilganlar bo‘lsa, vaksinaning samaradorligini 90 foiz deyish mumkin bo‘ladi. Dunyoda shunday hisob-kitob qilinadi. Shuning uchun platsebo usuli qo‘llanadi», degan vazir.

Abdurahmonov hozirda O‘zbekistonda karantin cheklovlari deyarli bekor qilinganiga qaramay, kasallanganlar soni o‘sishi kuzatilmayotgani tufayli imkon qadar kattaroq miqyosda tadqiqot o‘tkazish zarurati yuzaga kelganini qayd etib o‘tgan.

«Vaksinalar soni ko‘paytirilishining bir necha sababi bor. Birinchi sabab – qamrovni kengaytirish bilan tadqiqot maqsadiga yanayam aniqroq yetish hisoblanadi.

Ikkinchi sabab – ko‘ngillilar. Vaksina 3ta dozada bir oy oraliq vaqt bilan qilinadi. Uch oyda uchta doza amalga oshirilishi kerak. Ko‘ngillilarni ikkinchi dozani olishga ham chaqiryapmiz. Shunda fikridan qaytganlar ham bo‘lyapti. Biz buni kutmagandik. Birinchi dozani olganidan keyin, ikkinchi dozani kerakmas, birinchi doza yetadi, deydiganlar ham bor.

Shuning hisobiga 5000 kishilik kontingent kamayishi kuzatilishi mumkin. Bu bilvosita sabablardan biri.

Lekin eng asosiy sabab – mamlakatda infeksiya tarqalishi jarayoni ancha sekinlashganidir. Natijada, o‘zimiz emlagan odamlar orasida kasallanish darajasini o‘zimiz kutgandek ko‘ra olmayapmiz.

Hozir 1-dozani olganlar 5000 nafardan oshdi. Shulardan barchasi qolgan dozalarniyam olishganda bu qamrovni kengaytirishga hojat yo‘q edi. Tadqiqotni oxirigacha amalga oshirish uchun shu fikrga kelindi. Ko‘ngillilar sonining oshirilishi natijani yanayam aniqroq bilish uchun kerak bo‘ladi.

Albatta emlanganlar orasidan kasallanganlar chiqyapti, simptomlari borlar ham uchrayapti. Lekin bu kam. Agar biz ko‘proq odamda ko‘rsak, agar ko‘proq odamda platsebo bilan emlanganda kasallik chiqsa, shunda biz vaksina qanchalik samaradorligi haqida xulosaga kelishimiz mumkin. Bitta muhitda yashab turib, vaksina olganlar kasal bo‘lmay, platsebo olganlar kasal bo‘lishini ko‘rsak, vaksina himoyalamoqda deyishimiz mumkin», deydi vazir.

U bu vaksina koronavirusning yangi shtammlariga ham chidamli ekanini qayd etib o‘tgan.

«Bu O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgan ilmiy tadqiqot, dunyo standartlari darajasidagi tadqiqot. Kompleks tadqiqot. Lekin odamlarni majbur qila olmaymiz, faqat ko‘ngillilar ishtirok etishi mumkin.

Fursatdan foydalanib aytmoqchimanki, bu katta imkoniyat. Aytishim mumkinki, bu universal vaksina. Har qanaqa shtammlariga qarshi kurasha oladigan antitanalar hosil qiladi. Yangi variantlarga ham boshqa vaksinalarga qaraganda yuqori darajada chidamli hisoblanadi.

Hozirda bu tadqiqotni tugatmasdan natijalarni e'lon qila olmaymiz, vaksinani yangi shtammlarga qarshi tekshiryapmiz. Lekin dastlabki xulosalarga ko‘ra, boshqa vaksinalarga qaraganda yangi shtammlarga chidamli ekanligi ko‘rinyapti», deya ta'kidlagan vazir.

Ma'lumot uchun, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib borilayotgan vaksina sinovlarining to‘liq nomi «Yangi koronavirus rekombinant vaksinasi (CHO hujayraci)ning 18 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlardagi xavfsizligi va COVID-19 dan himoya qilish samaradorligini aniqlash uchun o‘tkazilayotgan tasodifiy, ikki-tomonlama noma'lum, platsebo nazoratli III faza klinik sinovi» deb nomlanadi. Ushbu klinik sinovga Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi homiylik qiladi. Ushbu tadqiqot butun dunyo bo‘yicha bir necha markazlarda, «ikki tomonlama noma'lum», platsebo-nazorat usulda olib borilib, 18 yoshdan oshgan jami 29 ming ko‘ngilli ishtirokchilarni qamrab oladi.

Platsebo – vaksina bilan bir xil ko‘rinishga ega, o‘zida nomzod vaksina yoki dori vositasi tutmagan, faol ta'sirga ega bo‘lmagan birikmadir. Ushbu tadqiqotdagi platseboning har bir idishida 0,5 ml suyuqlik tarkibida 0,25mg alyuminiy gidroksidi bo‘ladi, vaksina NCP-RBD oqsili bo‘lmaydi.

Klinik sinovga qabul qilingandan so‘ng har bir ko‘ngilliga qabul qilingan kunning 1-, 30- va 60-kunlar oralig‘ida yelkaning deltasimon mushagi orasiga tadqiqot vaksinasi yoki platsebo 3 dozada inʼeksiya qilinadi.

«Tasodifiy» deganda ko‘ngilli ishtirokchining vaksina yoki platsebo guruhiga tasodifiy ravishda belgilanishi tushuniladi. Bu xuddi tanganing ikki tomondan biri tushish ehtimoliga o‘xshaydi. «Ikki tomonlama noma'lum» degani bu ham tadqiqotchiga, xam ko‘ngilliga qaysi guruhga kirgani noma'lumligini bildiradi. Ushbu guruhlarga bo‘linish jarayonida inson omili yoki ta'siri bo‘lmaydi. Tadqiqotchi ko‘ngilli ishtirokchining qaysi guruhga mansubligini faqatgina favqulodda vaziyatda, sinovga aralashmaydigan oldindan tayinlangan xodimlar orqali aniqlashi mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top