15:05 / 11.02.2021
1466
Sirdaryoda alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 6 mingdan ortiq kishining chetga chiqishi cheklandi 

Sirdaryo viloyatida alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 6 mingdan ortiq kishining mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri MIB viloyat boshqarmasiga asosan xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Sirdaryoda aliment to‘lovidan qarzdorligi bo‘lgan 6 078 nafar shaxsning mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklandi. Bugungi kunda viloyatda aliment undirish bilan bog‘liq jami 12 033ta ijro hujjatidan 3 838tasi tamomlangan. 

«Qolayotgan 8 mingdan ortiq ijro hujjati bo‘yicha mahalla vakillari bilan hamkorlik o‘rnatilib, aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish choralari ko‘rilmoqda.

2020 yilda 226 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan sud qarori bilan ma'muriy qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llanilgan. Bu choradan keyin ham 2 oydan ortiq muddat mobaynida aliment to‘lamagani uchun 8 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deydi MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Javlon Jabborov.

Qayd etilishicha, 2020 yil yakuni bilan boshqarma tomonidan jami 256,3 mlrd so‘m davlat foydasiga undirilgan. Undirilgan mablag‘larning 50 foizi «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan hamda aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Shundan kelib chiqib, 2020 yil dekabr oyi davomida davlat foydasiga undirilgan 3 mlrd 800 mln so‘m mablag‘dan teng yarmi - 1 mlrd 400 mln so‘mi ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi ta'minlangan. Ya'ni, «Temir daftar» uchun 500 mln, «Ayollar daftari» - 500 mln va «Yoshlar daftari» uchun 400 mln so‘m ajratiladi.

Avvalroq, Namanganda alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 20 mingga yaqin shaxsning chetga chiqishi cheklangani xabar qilingandi. 

Top