19:46 / 12.02.2021
3266

17 mingga yaqin samarqandlik aliment to‘lamagani sabab chet elga chiqishga vaqtincha taqiq qo‘yilgan

Samarqand viloyatida alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 16 964 nafar shaxsning xorijga chiqishiga vaqtinchalik taqiq qo‘yilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda Samarqand viloyatida aliment undirish bilan bog‘liq jami 30 693 ta ijro hujjatidan 4 489 tasi tamomlangan. Qolgan ijro hujjatlari yuzasidan mahalla vakillari bilan hamkorlikda aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda 464 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan sud qarorlari bilan ma'muriy qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llanilgan. Bu jazo chorasidan keyin ham 2 oydan ortiq muddat mobaynida aliment to‘lamagan 49 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 2020 yilda MIBning Samarqand viloyat boshqarmasi, tuman-shahar bo‘limlari tomonidan davlat foydasiga jami 272 milliard 384,4 million so‘m undirilgan. Prezidentning 2020 yil 24 noyabrdagi farmoniga muvofiq, ijro hujjati bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi belgilangan. 

 

Top