13:45 / 12.02.2021
8273

O‘zbekistonda ommaviy tartibsizlikka da'vat qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

«Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari tomonidan ishlab chiqilgan Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi fraksiyalarning birinchi o‘qishida qabul qilindi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning ma'lum qilishicha, mazkur qonun loyihasida axborot sohasidagi bir qator harakatlar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilgan.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 244-moddasida:

  • hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka;
  • ommaviy tartibsizlikka;
  • fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da'vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda.

Loyihada ushbu jinoyat uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasini:

  • fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da'vat qilganlik uchun BHM 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi birinchi qism bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan bir muddat oldin yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

Mavzuga oid
Top