15:58 / 12.02.2021
54560
Bahriddin Valiyev bosh prokurorga o‘rinbosar bo‘ldi. Toshkent shahrining yangi prokurori kim bo‘lishi ma'lum

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Farg‘ona viloyati prokurori egallaydi.

Foto: Kun.uz

Prezident farmoniga muvofiq, Bahriddin Bahodirovich Valiyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

3-darajali davlat adliya maslahatchisi Bahriddin Valiyev 2017-2019 yillarda Buxoro viloyati prokurori bo‘lgan, 2019 yil yozidan buyon Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, endilikda Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov Toshkent shahrining yangi prokurori bo‘ladi.

Ulug‘bek Qosimov

Ulug‘bek Qosimov 1983 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, huquqshunos. 2005 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005 yilda Denov tuman prokuraturasida boshlab, Surxondaryo viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2011 yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, Qumqo‘rg‘on tuman prokurori, Surxondaryo viloyati Muzrabot va Denov tumanlarida hokim bo‘lib ishlagan.

U 2018 yilning noyabridan Surxondaryo viloyati prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2019 yil sentyabrida Farg‘ona viloyatiga prokuror bo‘lgandi. 

Top